18:35 / 12.12.2023
11571

Ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilishning yangi tartibi e’lon qilindi 

Nomzodlarni tanlab olishda boshqa narsalar qatori ularning intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorligi, jismoniy tayyorgarlik darajasi baholanadi. Shuningdek, ular test imtihonini ham topshiradi. 

Ichki ishlar vazirligining buyrug‘i bilan Ichki ishlar organlarida xizmatga nomzodlarni tanlab olish tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma tasdiqlandi.

Qayd qilinishicha, ichki ishlar organlariga yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, shu jumladan, o‘ttiz yoshdagi ham, O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi. 

Nomzodlarni xizmatga tanlab olishda boshqa narsalar qatori ularning intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorligi, jismoniy tayyorgarlik darajasi baholanadi. 

Shuningdek, xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tkaziladi. Ichki ishlar organlarida xizmat qilish uchun to‘sqinlik qiladigan salbiy omillarni aniqlash maqsadida psixofiziologik (poligraf) tekshiruvdan ham o‘tkaziladi. 

Test sinovlari belgilangan tartib asosida (umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim fanlarining o‘quv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi. 

Test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘planishi mumkin bo‘lgan umumiy 189 balldan kamida 134 ball to‘plagan nomzodlar jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bosqichiga o‘tgan deb hisoblanadi. 

Nomzodlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari va ularni bajarishga qo‘yiladigan talablar erkak va ayol nomzodlar uchun alohida belgilanadi. 

Tanlovning barcha bosqichlarida faqat «yaxshi» va «a’lo» baho olgan nomzodlar xizmatga qabul qilinadi.

Top