Atmosferaga bir yilda 900 ming tonna “chiqindi” tashlanmoqda – Senat
Senatda o‘tkazilgan majlisda qayd etilishicha, mamlakatda atmosferaga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori so‘nggi o‘n yilda qariyb 21 foizga ortgan. Korxonalardagi mavjud 6 mingdan ortiq chang-gaz tozalash uskunalaridan 60 foizining tozalash samaradorligi o‘rtacha 86,5 foizni tashkil etmoqda.
14 dekabr kuni Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan qator qonunlar ko‘rib chiqilgan.
Ta’kidlanishicha, mamlakatda daraxtlarni asrash hamda yashil maydonlarni kengaytirish va saqlab qolish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilishiga qaramasdan, ularga ziyon yetkazish bilan bog‘liq holatlar ortib bormoqda. Sanoat, ishlab chiqarish, qurilish ko‘lamining jadal kengayishi aholi punktlariga tushayotgan salbiy ekologik bosimni kamaytirish mexanizmlarini yanada takomillashtirishni taqozo etayapti.
Shu sababli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga hamda “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, daraxt, buta, boshqa o‘simlik va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, shikastlash, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish uchun belgilangan jarima miqdori besh barobarga oshirilyapti. Bunday huquqbuzarlik uchun jarima fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 75 baravarigacha ko‘paytirilmoqda. Ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilganda esa jarimani fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 75 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 75 baravaridan 100 baravarigacha oshirish yoki huquqbuzarga nisbatan o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazo turini qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Endilikda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesganlik, yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha moliyaviy sanksiyalar qo‘llanadi. Qoidabuzarlik bilan kesilgan har bir daraxt o‘rniga qimmatligi jihatidan undan kam bo‘lmagan yuz tup daraxt ko‘chatini ekish va uch yil davomida parvarish qilish shartligi ko‘zda tutilmoqda.
Qo‘mita majlisida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining atmosfera havosini muhofaza qilish hamda hududlarni yashillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat yuzasidan axboroti ham eshitilgan.
Qayd etilishicha, mamlakatda atmosferaga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori so‘nggi o‘n yilda qariyb 21 foizga ortib, hozirda yiliga o‘rtacha 900 ming tonnani tashkil etmoqda. Korxonalardagi mavjud 6 mingdan ortiq chang-gaz tozalash uskunalaridan 60 foizining tozalash samaradorligi o‘rtacha 86,5 foizni tashkil etyapti.
“Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi mavsumda ekilgan 1 mln 800 ming ko‘chatni parvarishlashga mas’ullar biriktirilmagan. Sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga 7,3 mln tup ko‘chat ekilgan. Daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.
Majlisda senatorlar tomonidan daraxtlarning joylashuvi va sonini aniqlash hamda elektron xarita yaratish, shaharlar, sanoat korxonalari va avtomobil yo‘llari atrofida “yashil qalqonlar” tashkil etish, jamoat, ayniqsa dizel yoqilg‘isida ishlaydigan transport vositalarini ekologik toza energiya manbalariga o‘tkazish, ekologik toza transport vositalarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar berilgan.
Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilingan.
Afg‘oniston hududidagi Qo‘shtepa kanalida o‘pirilish yuzaga keldi. Oqib chiqqan suvdan sun’iy ko‘l hosil bo‘lgan. Kanal o‘pirilgan degan da’vo bilan tarqatilayotgan fotosuratlar 10 noyabr kuni sun’iy yo‘ldosh orqali tasvirga olingan. Unda kanalning o‘pirilgan joyi va yangi paydo bo‘lgan sun’iy suv ombori ko‘rsatilgan.
Sun’iy yo‘ldosh suratlariga e’tibor qaratilsa, suv sizib chiqishi noyabr oyi boshlariga to‘g‘ri keladi. Chunki 1 noyabrgacha olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida kanalda suv o‘pirilishi sodir bo‘lmaganini ko‘rish mumkin. 5 noyabr kungi tasvirlarda esa kanaldan suv sizib chiqqani aks etgan. Hozircha hududdagi holat yuzasidan mahalliy rasmiylar izoh bermagan, shuningdek, mintaqa davlatlari ham bu masalaga e’tibor qaratgani yo‘q.
Ekologlar Qo‘shtepa kanali Amudaryo umumiy oqimining 15-20 foizini o‘zlashtirishga qodirligini ta’kidlaydi. Kanal uzunligi 280 kilometrni, eni esa 100 metrni tashkil etadi. Kanalning ishga tushirilishi mintaqada suvdan foydalanish muvozanatini o‘zgartirib yuborishi mumkin.
11 oktyabr kuni Qo‘shtepa kanali qurilishida 2-bosqichga start berilgandi. 2023 yil iyun oyida O‘zbekiston suv vaziri Shavkat Hamroyev Qo‘shtepa kanali orqali Afg‘oniston 300 ming gektarni sug‘ormoqchi ekani, bunga 4−5 mlrd kub metr suv yetishi, O‘zbekiston mana shu miqdor saqlanib qolishiga intilishini aytgan edi. Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov esa Qo‘shtepa kanali Amudaryo suvining kamida 15 foizi olinishi, biroq kanal joylashgan sharoitdan kelib chiqsa, olinayotgan suvning katta qismi tuproqqa singib ketishi, parlanib ketishi mumkinligi va foydali ish koeffitsiyenti kam bo‘lishini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
16:12 / 20.12.2024
Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
12:58 / 19.12.2024
O‘zbekiston bo‘ylab ikki mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalar aniqlandi - «O‘zbekkosmos»
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024