08:46 / 15.12.2023
7530

Orban Ukraina bo‘yicha qaror qabul qilish chog‘ida Yevrokengash zalini tark etdi

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina bilan muzokaralarni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilish chog‘ida Viktor Orbanga zalni tark etish imkoniyatini taqdim etishni taklif qildi, deya xabar beradi DW'ga diplomatik doiralardagi manbalar.

Foto: European Union

Vengriyaning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi Yevropa Ittifoqi rahbarlarini boshi berk ko‘chadan olib chiqish yo‘lini Germaniya kansleri Olaf Shols o‘ylab topdi. Bu haqda DW nashriga 14 dekabr, payshanba kuni kechqurun YeI diplomatik doiralaridagi bir qancha manbalar ma’lum qildi. Yevropa kengashi Ukraina bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlash to‘g‘risidagi qarori chog‘ida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban zalni tark etgan va shu tariqa qarorga veto qo‘ymagan. Va bu Yevropa Ittifoqining hech bir a’zosi tomonidan bloklanmaganligi sababli, u qonuniy deb hisoblanadi, dedi jurnalistlarga Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Orban qisqa muddatga oldindan kelishilgan va konstruktiv tarzda zalni tark etgan». Bryusseldagi diplomatlarning DW nashriga aytishicha, Vengriya bosh vaziri Ukrainaning a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar boshlanishini boshqa yetakchilar ma’qullagan paytda sammit zalini tark etishi taklifi Sholsdan chiqqan. Ular Viktor Orban o‘zi yo‘qligida nima bo‘lishini aniq bilganini ta’kidladilar.

Ko‘p o‘tmay, Vengriya bosh vaziri Facebook'da video joylashtirdi, unda u «yomon qaror» deb atagan narsada ishtirok etishni istamagani uchun ovoz berishda betaraf qolganini tushuntirdi. Hatto ertalab sammitga yetib borganida ham Orban «hozir Ukrainaning a’zoligi bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun hech qanday sabab yo‘q», chunki u Yevropa komissiyasi tomonidan ilgari surilgan yetti shartning hammasini bajarmaganini aytdi. Avvalroq Orban Ukrainani dunyodagi eng korrupsiyalashgan davlat deb atagan va hatto Ukrainani sammit kun tartibidan chiqarishni talab qilgan edi.

Sammit arafasida Yevrokomissiya Vengriya uchun mo‘ljallangan YeI mablag‘laridan 10 milliard yevroni blokdan chiqardi. Mablag‘lar Bryussel tomonidan Vengriya sud tizimining mustaqilligiga shubha tufayli muzlatib qo‘yilgan. 13 dekabr kuni kechqurun e’lon qilingan press-relizda Yevropa komissiyasi o‘z bahosida Budapesht Yevropa Ittifoqining Asosiy huquqlar xartiyasining sud hokimiyati mustaqilligiga oid shartlarini bajarganini ta’kidladi. «Bu birlashish siyosatini moliyalashtirishning bir qismi endi bloklanmasligini anglatadi va shuning uchun Vengriya taxminan 10,2 milliard yevrogacha pulni talab qila boshlaydi», deyiladi hujjatda.

Top