07:53 / 04.01.2024
2498

Samarqand aeroportida yillik yo‘lovchi tashish hajmi 2 milliongacha oshishi prognoz qilinmoqda 

Kuvaytning Q8 Press elektron nashrida Samarqand xalqaro aeroportiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Kun.uz

«O‘zbekistonda joylashgan Samarqand xalqaro aeroporti Yevropadagi Xalqaro aeroportlar kengashi (ACI) tomonidan yo‘lovchilar oqimining o‘sishi bo‘yicha yetakchi beshta aeroport qatorida qayd etildi,- deyiladi maqolada. - Samarqand xalqaro aeroportida yo‘lovchilar oqimi jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda».

Nashrda ta’kidlanishicha, joriy yil oktyabr oyida Samarqand aeroporti yiliga 100 mingdan 1 milliongacha yo‘lovchi oqimi bilan mintaqaviy aeroportlar toifasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatgich 2019 yilning oktabr oyiga nisbatan 139 foizga o‘sgan. Joriy yil 10 oy davomida aeroport 2019 yilning shu davriga nisbatan 103,7 foizlik o‘sish sur’ati bilan uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

«2023 yil boshidan buyon Samarqand aeroporti 7 ta ichki reys va 20 ta xalqaro reyslarni amalga oshirildi. Birinchi marta Urumchi, Jidda, Kuvayt, Izmir, Mineralniye Vodi, Ufa, Samara va Urganch shaharlariga parvozlar yo‘lga qo‘yildi. Lufthansa Consulting kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, yillik yo‘lovchi tashish hajmining 480 mingdan 2 milliongacha oshishi prognoz qilinmoqda. Muntazam reyslar soni haftasiga 40 tadan 120 tagacha ko‘payadi, jami 24 ta yangi samolyotlar to‘xtash joyi mavjud bo‘ladi», - deyiladi materialda.

Maqola xulosasida «Samarqand xalqaro aeroportining bunday jadal rivoji uning global raqobat maydoniga kirib kelganidan dalolat beradi», - deb yozgan Q8 Press.

Top