15:54 / 05.01.2024
10037

“Palov indeksi”: O‘zbekistonda osh narxi bir yilda qanchaga oshdi?

2023 yil davomida palov narxi Buxoroda 32 foizga, Qashqadaryoda 31 foizga, Namanganda 30 foizga qimmatladi. Bu – rasmiy oziq-ovqat inflatsiyasidan kamida 3 barobarga yuqori. Osh bahosining eng kam oshishi Samarqand (9,5 foiz), Jizzax (12 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (13 foiz) kuzatildi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Statistika agentligi har oy yakunida hududlardagi osh markazlarida sotilayotgan palovning o‘rtacha narxlarini e’lon qilib boradi. Kun.uz ushbu ma’lumotlar asosida o‘zbekistonliklarning asosiy iste’molidagi milliy taomi bo‘lgan palov narxlarining o‘zgarishini o‘rgandi.

2023 yilning dekabr oyida eng qimmat palov Toshkent shahrida sotilgan – bir porsiyasi – 29 700 so‘m. Keyingi o‘rinlardan Buxoro (28 200 so‘mdan) va Samarqand (27 000 so‘mdan) viloyatlari joy olgan. Eng arzon osh esa Namangan viloyatida – bir porsiyasi 20 000 so‘mdan sotilgan.

2022 yilning dekabri bilan taqqoslaganda, bir yil ichida palov narxi Buxoroda 32 foizga, Qashqadaryoda 31 foizga, Namanganda 30 foizga qimmatlagan. Osh bahosining eng kam oshishi Samarqand (9,5 foiz), Jizzax (12 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (13 foiz) kuzatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Statistika agentligi 2023 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi inflatsiya darajasini 8,77 foiz deb e’lon qilgan. Xususan, o‘tgan yilda oziq-ovqat mahsulotlari 9,7 foizga qimmatlashgan. E’tiborli jihati, deyarli barcha hududlarda palov narxining oshishi rasmiy oziq-ovqat mahsulotlari inflatsiyasidan yuqori bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 3 barobardan balandroq shakllangan.

Palov uchun zarur asosiy mahsulotlar narxining o‘zgarishi

Statistika organiga ko‘ra, o‘tgan yil davomida mol va qo‘y go‘shti narxi 9,3 foizga, guruch va guruch oqshog‘i narxi 38,7 foizga qimmatlashgan.

O‘z navbatida, piyoz narxi 40,7 foizga, sabzi narxi 15,5 foizga, yog‘lar va moylar 9,7 foizga, jumladan, kungaboqar yog‘ining narxi 17,8 foizga arzonlashgan.

Top