O‘zbekiston | 20:58 / 13.03.2024
5210
3 daqiqa o‘qiladi

Oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga yangi talablar tasdiqlandi

 Oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari tasdiqlandi. Unda qayta qurilayotgan va faoliyat yuritayotgan barcha oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning joylashuvi, jihozlanishi va ularning sanitariya-gigiyenik holati, xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga bo‘lgan talablar belgilandi.

“Oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdo korxonalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari” (0068-24-son SanQvaM bo‘yicha) tasdiqlandi. Bu haqda Kun.uz’ga Sanepidqo‘mita ma’lumot berdi. Talablarda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, qurilayotgan, qayta qurilayotgan va faoliyat yuritayotgan barcha oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning joylashuvi, jihozlanishi va ularning sanitariya-gigiyenik holati, shuningdek, xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga bo‘lgan talablar belgilangan.

Yangi hujjat bilan amaldagi “Oziq-ovqat savdo korxonalari uchun sanitariya qoidalari” (0066-96-son SanQvaM) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan.

Yangi talablar ishlab chiqishdan maqsad – hujjatni davlat tilida qabul qilish (amaldagi hujjat rus tilida qabul qilingan) va hujjatdagi normativ-huquqiy tusdagi bandlarni chiqarib tashlash va yangi talablar kiritishdir.

Yangi SanQvaM loyihasiga quyidagi yangi talablar kiritilgan:

– Savdo korxonalarining sanitariya-himoya mintaqasi amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholi turar joy atmosfera havosini muhofaza qilish sanitariya qoidalari va normalari” 0350-17-son SanQvaMga mos bo‘lishi kerak.

– Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va keyinchalik davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish “Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.

– Xavf-xatarning oldini olish maqsadida ishchi xodimlar quyidagi talablarga rioya qilishlari lozim: ochiq yaralar, tirnalgan, kesilgan yoki boshqa teri jarohati bo‘lganda, jarohatni plastir bilan berkitish; maxsus himoya kiyimlari, bosh kiyim va poyabzal kiyish.

Bundan tashqari, hujjatga epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini tatib ko‘rish uchun foydalaniladigan bir martalik sanchqi, qoshiq kabilarni darhol maxsus chiqindi idishga tashlash, qadoqlash uchun ishlatiladigan bir martalik idishlar inson salomatligi uchun xavfsiz materiallardan (plastik, kartonli, qog‘oz) tayyorlangan va toza, quruq bo‘lishi kerakligi belgilandi.

Mavzuga oid