Mashhur hokimdan navbatdagi “tomosha”: Koson hokimligi 48 fermerning yerini qaror bilan tortib oldi
Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayev mahalliy kengash qarori bilan 1 ta bog‘dorchilik, 1 ta chorvachilik hamda 46 ta paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik yerlarini tuman zaxirasiga qaytardi. Holbuki, hokimlarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni bekor qilish vakolati 2021 yilda bekor qilingan.
Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayev qariyb 50 ta fermerning ijara shartnomasini bekor qilib, yerlarini noqonuniy ravishda tuman zaxirasiga qaytardi. U bu ishni mahalliy kengash qarori asosida go‘yoki deputatlar “qo‘li bilan” amalga oshirgan. Kengash qarori esa prezidentning ikkita farmoniga zid.
2024 yilning 11 yanvar kuni xalq deputatlari Koson tumani kengashining “Koson tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i J.Ergashevning taklifi asosida ijara shartnomasini bekor qilish va fermer xo‘jaligi yerini zaxiraga qaytarishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Qaror bilan tumandagi 48 ta, jumladan, 1 ta bog‘dorchilik, 1 ta chorvachilik hamda 46 ta paxta va g‘allachilik fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan ijara shartnomasi bekor qilingan hamda ularning yer maydonlari hokimlik zaxirasiga qaytarilgan. Qarorda zaxiraga qaytarilgan yer maydonlarining kadastr yig‘majildini tayyorlash va davlat mulki sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Davlat kadastrlar palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga buyurtma taqdim qilish, bunda xarajatlarni mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish nazarda tutilgan.
Mahalliy kengashning mazkur qarori prezidentning 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni talablariga zid. Farmonga ko‘ra, tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish vakolatlari, shuningdek, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilingan.
Bundan tashqari, prezidentning 2022 yil 24 avgustdagi tegishli farmoniga ko‘ra, 2022 yil 1 sentabrdan boshlab yer uchastkalariga bo‘lgan huquqning vujudga kelishi uchun asos bo‘lgan hujjatlarni, shu jumladan Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarini ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan prokuror protesti asosida bekor qilish yo‘li bilan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tugatish tartibi bekor qilingan.
Ushbu hujjatlar faqat sud tomonidan bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Biroq prezidentning mazkur farmonlari talablariga mahalliy kengash deputatlari ham (ular qo‘l ko‘tarib qarorni tasdiqlab berishgan), hokim ham ko‘z yumgan. Qolaversa, Asrol Boyqorayev mahalliy kengash qarorini kengash raisi emas, tuman hokimi sifatida imzolagan.
Eslatib o‘tamiz, Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayev o‘tgan yili yig‘ilishda ro‘zadorlar og‘zini majburan ochdirganligi hamda mahalla raislarini soliq yig‘ishga majburlab, haqoratlagani bilan OAV e’tiboriga tushgandi. 2020 yilning dekabrida Asrol Boyqorayevning Captiva rusumli xizmat avtomashinasi 60 yoshli Sherali Jumaqulovni urib yuborgan va fuqaro voqea joyida vafot etgandi. Ko‘p o‘tmay ushbu YTHda pachoqlangan Captiva yangisiga almashtirilgandi.
Mavzuga oid
11:02 / 15.12.2024
Taxtiqoracha dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi
21:20 / 19.11.2024
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari haqidagi uzoq kutilgan qonun imzolandi. Sohada nima o‘zgaradi?
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
10:19 / 08.11.2024