08:13 / 17.01.2024
15619

Eron Pokistondagi obyektlarga dronlar va raketalar bilan zarba berdi 

Pokiston rasmiylari «suverenitetni buzish qabul qilib bo‘lmaydigan holat ekani va jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini» ta’kidladi. Tehron bu tahdidga munosabat bildirmadi. Avvalroq Eron Iroq va Suriyadagi obektlarga zarba bergandi.

Foto: Imamedia via AP/picture alliance

16 yanvar, seshanba kuni Eron qo‘shni Pokiston hududiga dronlar va raketalar bilan zarba berdi. Eron davlat matbuoti xabar qilishicha, Eronga qarshi bo‘lgan yarim harbiylashtirilgan sunniy «Jaysh al-Adl» guruhining ikki shtabi nishonga olingan.

Pokiston rasmiylari mamlakat hududiga «noqonuniy va asossiz hujum» uyushtirilganini tasdiqlab, ikki bola halok bo‘lganini, yana uch nafari yaralanganini qo‘shimcha qildi. Rasmiy xabarlarda bu aynan qayerda sodir bo‘lgani aytilmagan, biroq Pokiston ijtimoiy tarmoqlarida Eron bilan chegaradosh Balujiston viloyatidagi portlashlar haqida ko‘plab xabarlar paydo bo‘lgan. AP agentligi Pokistonning ikki rasmiysiga tayanib, Eron chegarasidan 50 km uzoqlikda joylashgan Balujistonda masjidga zarar yetganini xabar qildi. 

Pokiston rasmiylari «Pokiston suverenitetini buzish qabul qilib bo‘lmaydigan holat ekani va jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini» ta’kidladi. Tehron bu tahdidga munosabat bildirmadi. 

2012 yilda asos solingan «Jaysh al-Adl» Eron bilan chegaradosh Siston va Balujiston viloyatidagi sunniylarning diniy huquqlari uchun kurashayotganini aytadi. «Jaysh al-Adl» jangchilari bir necha bor Eron hududiga bostirib kirgan. 

Eronning Iroq va Suriyaga zarbalari

16 yanvarga o‘tar kechasi Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Iroq va Suriyadagi «josuslik markazlari» va «Eronga qarshi terrorchilik guruhlari joylashgan joylar»ga zarbalar berdi. Bu haqda Eron davlat matbuoti xabar tarqatdi. Xususan, ta’kidlanishicha, ballistik raketalar yordamida Iroq Kurdistoni avtonom mintaqasidagi «Mossad (Isroil razvedka xizmati) josuslarining shtab-kvartirasi»ga zarba berilgan. 

Shu bilan birga, Iroq Kurdistoni poytaxti Erbil shahridan 40 km shimoli-sharqda joylashgan AQSh konsulligi yaqinida bir necha portlash sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters. Muxtoriyat ma’muriyatining ma’lum qilishicha, natijada to‘rt nafar mahalliy aholi halok bo‘lgan, olti kishi jarohatlangan. AQSh rasmiylariga ko‘ra, Eron zarbasi oqibatida amerikalik fuqarolardan hech kim jabrlanmagan.

Eron zarbalar «terrorchilarning yaqinda sodir etilgan vahshiyliklariga javoban» amalga oshirilganini ma’lum qildi. 3 yanvar kuni Eron janubi-sharqidagi Kirmon shahri qabristonida portlashlar sodir bo‘ldi, u yerda 2020 yilda o‘ldirilgan IIMK generali Qosim Sulaymoniy xotirasiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tayotgandi. 90 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Hujum uchun mas’uliyatni IShID o‘z zimmasiga oldi, biroq Tehron Isroil va AQShni portlashlarga aloqadorlikda aybladi. 

Dpa agentligining qayd etishicha, Eron shu paytgacha hech qachon o‘z raketalari bilan bunday uzoq masofaga zarba bermagan – ular 1200 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘ta olgan. Agentlik bayonotida aytilishicha, bu Tehron hududga zarba berish uchun texnik imkoniyatga ega ekanligi haqida «Isroilga aniq signaldir». 

Mavzuga oid
Top