«Jurnalist – tahdidlarga qarshi yaxlit va yagona kuch» - faollar prezidentning milliy kontent yaratishga oid chaqirig‘i haqida
XXI asrda axborot xurujlari eng katta tahdidlardan biriga aylandi. Axborot xavfsizligini ta’minlash milliy xavfsizlik sohasidagi muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Shunday vaziyatda, davlat suvereniteti va milliy manfaatlar himoyasi uchun erkin OAV maydonga chiqadi. Kun.uz'ning jamoatchilik faollari bilan navbatdagi suhbatida ana shular haqida so‘z yuritildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida axborot xavfsizligi masalalariga to‘xtalib, O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishdagi tashabbusni saqlab qolishi kerakligi haqida gapirdi. Xo‘sh, davlati rahbari tomonidan tilga olingan milliy kontent tushunchasi o‘zi nima? U qanday bo‘lishi kerak? Ayni shu mavzuda media sohasi faollarining fikrlari bilan qiziqdik. Suhbatdoshlarimiz O‘zbekiston Milliy media birlashmasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja, "Fikrat" loyihasi muallifi G‘ayratxo‘ja Saydaliyev, siyosatshunos Hamid Sodiq, "Uzreport tv" muharriri Gulnoza Husanova, "Zo'r tv" jurnalisti Nurzod Vohidov bo‘ldi.
Sherzodxon Qudratxo‘ja – O‘zbekiston Milliy media birlashmasi raisi
Har bir davlatning jo‘g‘rofiyasi – alohida. O‘zbekistonning bugungi aholisi boshqa bir davlatning ommaviy axborot vositalari ta’sirida yashay olmaydi. Bu noto‘g‘ri. Chunki ular o‘zining faoliyatini yoritadi. Bugun biz tushunishimiz kerakki, O‘zbekiston juda katta tarixga, madaniyatga, san’atga, bilimlar va ilmlarga boy mamlakat. Televideniye, internetda berilayotgan kontent ham shunga mos bo‘lishi kerak. Ya’ni bizning bugungi milliy media nashrlarimiz xolislik, obektivlik bilan birga tariximizdan kelib chiqadigan, millatimizga ma’qul bo‘ladigan kontentlarni ishlab chiqishi kerak. Millatimizning o‘z geografik joylashuviga ko‘ra iste’mol qiladigan milliy taomlari bor, milliy liboslarimiz bor, xuddi shunday milliy kontent ham bo‘lishi kerak.
Gulnoza Husanova – "Uzreport tv" muharriri
Uzoq yillar davomida xalqimiz Rossiya telekanallarini ko‘rdi. Axborot, asosan, boshqa bir mamlakat propagandasi bilan shug‘ullanuvchi manbalardan kirib keldi. Agar katta avlod vakillari bilan gaplashsangiz, ularning amaldorlarining (rossiyalik amaldorlar) ism-familiyasi bilan tanishadi. Ularning jurnalistlari gapirgan gapni haq deb bilishadi yoki haqiqatni so‘zlaydi deb tushunishadi. Bu propagandaning kuchi va ta’siridir. Milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan ham bizda kuchli, mustaqil ommaviy vxborot vositalari bo‘lishi kerak. Milliy mediamakonda har qanday tahdidga munosib javob bera oladigan tahliliy materiallar – kontentlar yaratilishi shart. Buning uchun yaxshi kadrlar, haq gapni gapirishdan qo‘rqmaydigan jurnalistlar armiyasi shakllanishi zarur.
Hamid Sodiq – siyosatshunos
O‘zbekiston axborot makoni degan tushunchani mamlakatimizga bugungi kunda ta’sir ko‘rsatayotgan, katta axborot bosimi va yuklamasini berayotgan, davlatlar yoki axborot sub’yektlaridan himoyalangan (ya’ni himoyalangan deganimizda davlatning yopilishi nuqtai nazaridan emas, balki davlat ichidagi axborot aylanishi erkinligi nuqtai nazaridan), tahlillarning kuchliligi asosida yaratilgan axborot maydoni sifatida tavsiflasak bo‘ladi. Aynan prezidentimiz tomonidan Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan majlisida bu narsaga e’tibor qaratilgani juda ham muhim hisoblanadi. Davlat rahbari mazkur masalani boshqa yig‘ilishlarda ham aytishi mumkin edi. Lekin ushbu mavzu harbiylar ichida tilga olindi. Bugungi kunda davlat harbiy xavfsizligi asosining teng yarmini axborot xavfsizligi tashkil etadi. Axborot xavfsizligi bevosita tahliliy ma’lumotlar bilan bog‘liq bo‘lishi va xalqqa real voqealarni yetkazish muhimligini prezidentning aynan shu nutqidan bilishimiz mumkin.
Demak, axborot maydonining eng muhim xususiyati shundan iboratki, bu yerda propaganda bo‘lmasligi kerak, bu yerda milliy manfaatni ko‘zlagan holda dunyoda yuz berayotgan geosiyosiy voqealarga baho berish masalasi ko‘rilyapti.
Prezident o‘z nutqida aytyaptiki, bunday jarayonda O‘zbekistonning siyosiy tizimiga ham, siyosiy institutlariga ham yetarlicha bosim o‘tkaziladi va ularga nisbatan tanqid bo‘ladi .
G‘ayratxo‘ja Saydaliyev – "Fikrat" nashri jurnalisti
Milliylikka urg‘u berish, alohida bo‘lish – konservatizm sifatida baholanar edi. Bugungi globalizm davrida ko‘ryapmizki, hozirda haqiqatdan har bir davlatning o‘ziga xos jihatlari, hamma narsasi o‘ziniki bo‘lsa yaxshi ekan. Birovga bog‘liqlikni maksimal darajada kamaytirish lozim. Agar bu bevosita xavfsizlikka ta’sir etadigan bo‘lsa, mutlaqo cheklash masalasini ko‘rib chiqish zarur.
Axborot so‘zi bilan birga doim xavfsizlik masalasi keladi, chunki bu insonni boshqaradi. Inson esa jamiyatning bir a’zosi sifatida boshqaruvda ishtirok etadi. Shuning uchun axborot xavfsizligi masalasiga jiddiy qaralyapti. Milliy kontent terminini axborotlashtirish, axborot sohasidagi ma’lumotlarni milliylashtirish deb tushunish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, milliy kontent yaratish – milliy axborot maydonini tashkil etish va uni to‘ldirish.
Siz mustaqil tarzda axborot maydonini yaratishingiz mumkin – texnik resurslar, moddiy-moliyaviy tomondan insonlar quvvati bunga yetadi, ayniqsa, davlatning salohiyati bu narsaga bemalol yetadi. Lekin u maydon hech qanday kuchga ega bo‘lmaydi, agar u o‘zingiz tomoningizdan to‘ldirilmasa, chetdan to‘ldiriladi.
Nurzod Vohidov – "Zoʻr tv" jurnalisti
Milliy kontent deyilganda, O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, milliy urf-odatlari, yillar davomida shakllangan an’analarimizni qaysidir ma’noda sodda va qiziqarli qilib yetkazib berish tushuniladi. Chunki avvallari ma’lumotning tushunarliligi birinchi o‘rinda turgan bo‘lsa, hozirda uning qiziqarlilik darajasi muhim rol o‘ynayapti. Nima uchun? Odamlar shu darajada “erinchoq” bo‘lib qoldiki, hatto Instagram ijtimoiy tarmog‘iga joylangan bir daqiqalik videoni ham oxirigacha ko‘rmayotganlar bor. Bunday sharoitda auditoriya e’tiborini ushlab turish uchun tayyorlangan kontentlarning dactlabki o‘n soniyasidan odamlarni qiziqtira olish kerak.
Qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsak, bugun ijtimoiy tarmoqlarda blogerlikka da’vo qilayotganlarning aksariyati tuturug‘i yo‘q gaplar, raqs ham deb bo‘lmaydigan harakatlarni amalga oshirmoqda. Shuning ortidan o‘ziga obunachi yig‘gan va natijada o‘zini kontentmeyker yoki bloger, vayner deb e’lon qilgan. Kuzatuvchilar soniga qaraydigan bo‘lsak, alam qilarli darajada(!) Sababi professional yondashadigan, tomoshabinga ma’naviy ozuqa bera oladigan, fikrlashga chorlaydigan insonlarning ijtimoiy tarmog‘ini kuzatsangiz, obunachilari soni juda kam. Va ular qoldirayotgan postga layk va izohlar ham sanoqli. Lekin turli xil g‘alati gaplarni gapirib chiqadiganlarni bugun ko‘pchilik kuzatyapti. Agar mana shu narsa davom etadigan bo‘lsa, bir necha o‘n yillikdan keyingi saviyani tasavvur qilgan odam qo‘rqishi, havotirga tushishi kerak. Chunki saviya darajasi sezilarli pasayyapti.
Jurnalistlar qanday sharoitda faqatgina yangiliklarni yetkazuvchi emas, balki vatanni himoya qiluvchi figuraga aylanadi? Ular O‘zbekistonga daxl qilishi mumkin bo‘lgan zamonaviy tahdidlarga qarshi yaxlit va yagona kuch bo‘la oladimi?
Sherzodxon Qudratxo‘ja – O‘zbekiston Milliy media birlashmasi raisi
Albatta, har bir jurnalist vatan himoyachisi. Bugun ushbu soha vakillarining har birida nafaqat professional bilim, balki faol fuqarolik pozitsiyasi ham bo‘lishi kerak. Aslida mamlakat ichida yuz berayotgan ma’lum ijtimoiy hodisalar, muhim jarayonlarda kasbining ustasi bo‘lgan jurnalist o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasini ko‘rsatadi. Buni boshqa davlatlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Yana bir jihati, mamlakatning har tomonlama rivojlanishiga ma’lum bir sub’yektiv omillar xalaqit beradi. Masalan, korrupsiya, ba’zi bir tashabbuslarga nisbatan negativ harakatlar. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar davlat rahbarining yordamchilari hisoblanadi. Qaysi hududda qanday jarayonlar kechyapti, ayniqsa, chekka tumanlarda nimalar bo‘lyapti, jamiyatimizning rivojlanishi, uning yanada kuchli bo‘lishiga to‘siq bo‘layotgan qanday muammolar bor, mana shu kabi savollarning barchasini ochib beruvchi, ma’lum qiluvchi kuch bu – jurnalist.
E’tibor qaratadigan bo‘lsak, milliy mediadagi kontentlarning katta qismi maqtovchi, pozitiv lavhalar. Keling, tahliliy jurnalistikani ham rivojlantiraylik. Nima uchun tahliliy jurnalistika kerak? Buni bir misol yordamida tushuntirib beraman. Xitoy davlatining 1,5 mlrd aholisiga yiliga 8 mln odam tug‘ilyapti, Hindistonning 1,5 mlrd aholisiga 13 mln odam dunyoga kelyapti. Va O‘zbekistonning 40 mlnga yetmagan 36 mln aholisiga yiliga 1 mln odam qo‘shilyapti. Bitta oilada o‘rtacha 5-6 nafargacha odam soni ortyapti. Lekin ota-onalar bolalarining salomatligini to‘liq ta’minlayaptimi, yaxshi yediryaptimi, unga sifatli ta’lim beryaptimi, kasb-hunarga o‘rgatyaptimi? Bolani dunyoga keltirib, uni tarbiyalash ishlarini “davlat qilsin” deb bee’tibor qoldirish – mutlaqo noto‘g‘ri.
O‘zbekiston iqtisodiyoti hammani birdek ish bilan ta’minlashga ulgurmayapti. Bu - tabiiy jarayon. Chetga ketayotgan farzandlarimiz qora ishchi emas, intellekt bilan shug‘ullanadigan kasblarda faoliyat yuritishi uchun tilni bilishi kerak, kompyuter texnologiyalarini tushunishi kerak.
Yangi avlod uchun yiliga qancha maktab, qancha bog‘cha qurilishiga ehtiyoj bor? Aynan shu kabi masalalarni chuqurroq bilishimiz va anglashimiz uchun bizga tahliliy kontentlar zarur. Vatanni himoya qilish deganda faqat korrupsiya haqida gapirish, birovning tirnog‘i ostidan kir qidirish emas, balki kelajak uchun tahliliy milliy kontent maydoni yaratishdek jiddiy masalalarni ham tushunishimiz kerak.
Gulnoza Husanova – "Uzreport tv" muharriri
Bir mamlakatning mustaqilligi, suverenitetiga tahdid qilish uchun bugun qurol bilan qo‘rqitish yoki harbiy tajovuz qilish shart emas. Internet asrida axborot hurujlari eng katta tahdidga aylandi. O‘zbekistonga ham bunday zamonaviy tahdidlar tez-tez uchrab turibdi. Chamasi bir oy avval rossiyalik amaldor Zaxar Prilepin aytgan so‘zlarni eslang: “O‘zbekistonning 2 mln fuqarosi bizning hududimizda ekan, biz sizning hududingizga keyinchalik da’vo qilamiz, O‘zbekiston hududini o‘zimizga qo‘shib olishimiz mumkin. Bizga buni kim ta’qiqlaydi? Hech kim”, - degan edi. Mazkur gaplari bilan u mamlakatimiz mustaqilligi, hududiy daxlsizligiga chang soldi. Aynan ushbu hodisa haqida mamlakatimizdagi bir qancha nashrlar, blogerlar yozishdi. Ommaviy axborot vositalari birinchi bo‘lib bu haqida gapirdi. Shundan keyingina senator, deputat, jamoatchilik faollari o‘z munosabatini bildirdi. Albatta, bu yaxshi tendensiya. Jurnalistlar mana shunday tarzda zamonaviy tahdidlarga qarshi bir kuch bo‘lishi kerak. Faqat Kun.uz, Gazeta.uz, Uzreport tv kabi nashrlar yozsa-yu, qolganlar jim tursa, kamchilikning ovozi yaxshi eshitilmasligi mumkin. Lekin hamma shu narsa haqida gapirsa, shu haqida yozsa, tashqaridan bizga dushmanlik ko‘zi bilan qarayotganlar ham qo‘rqishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik Kengashi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ommaviy axborot vositalaridagi tanqidlarga ham munosabat bildirdi. Xususan, davlatimiz rahbari “Har qanday tanqidga javob berish kerak. Jurnalist haq bo‘lsa, buni tan olishimiz kerak” deya ta’kidlab o‘tdi.
Aytish joizki, senzura – haqiqatlarga qora parda tutadigan harakat. Agar jurnalistlarga erkinlik berilmasa, soha vakillari ta’qib va tazyiqlar ostida qolishda davom etaversa, ular ijodkor emas, o‘zining maishiy masalalarini hal etish uchun qalam tebratayotgan kasb egasiga aylanadi, qoladi. Aynan shunday vaziyatlarda milliy axborot makoni tashqaridan kelayotgan ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi.
Axborot xavfsizligini ta’minlash milliy xavfsizlik sohasidagi muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu borada, jurnalistlarga katta ishonch bildirilyapti. Amaldor va mas’ullardan esa jurnalistlarning erkin ijod qilishiga to‘siq bo‘lmaslik, xolislik va ochiqlikni ta’minlashga yordam berish so‘ralmoqda. Shuni yodda tutish lozim, bugungi globallashuv va integratsiyalashuv sharoitida, milliy manfaatlarni himoya qilish va adolatli boshqaruvni ta’minlashda jurnalistlarning haqiqat uchun qiladigan mehnati muhim, ularning faoliyatiga aralashishga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Mavzuga oid
18:15 / 10.12.2024
«Inson huquqlari qudratli davlatning asosiy belgisidir» - tarixiy deklaratsiyaga 76 yil to‘ldi
11:33 / 15.11.2024
“Pora kattalashgan sari suverenitet bilan savdolashish boshlanadi” – faollar bilan suhbat
20:22 / 30.08.2024
“Budjet xalqniki, uning hisobini so‘rayverish kerak” - faollar bilan suhbat
18:10 / 07.12.2023