11:36 / 20.01.2024
5076

Reuters: Rossiya Xitoyga eng yirik neft yetkazib beruvchiga aylandi

Xitoy Rossiyaga undan neft sotib olishda va neft mahsulotlari ko‘rinishida g‘arbga sotishda davom etib, sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bermoqda.

Foto: Reuters

2023 yil oxirida Rossiya Saudiya Arabistonini ortda qoldirib, Xitoyga eng yirik xom neft yetkazib beruvchiga aylandi. Bu haqda Reuters 20 yanvar, shanba kuni Xitoy bojxona ma’lumotlariga tayanib yozdi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda Rossiya Federatsiyasidan Xitoyga neft yetkazib berish 107,02 million tonnani tashkil etdi, bu kuniga 2,14 million barrelga teng. Bu Xitoy va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlar tarixidagi yonilg‘i yetkazib berish bo‘yicha rekord miqdor bo‘lib, raqam Xitoyga boshqa neft eksport qiluvchi davlatlar – Saudiya Arabistoni va Iroqdagidan ancha yuqori, deya qayd etadi agentlik

Shu bilan birga, Xitoy Saudiya Arabistonidan neft sotib olishni Rossiya Federatsiyasi foydasiga 1,8 foizga (85,96 million tonnagacha) qisqartirdi. Biroq, 2023 yilda Xitoyga xom neftning umumiy importi rekord darajadagi 563,99 million tonnagacha o‘sdi, deb yozadi Reuters. 

Rossiya deyarli butun neftini Hindiston va Xitoyga sotyapti 

2023 yil oxirida Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak Rossiya neft eksportining taxminan 45-50 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelishini, Hindistonning ulushi esa ikki yil ichida deyarli noldan 40 foizga o‘sganini aytdi. 2023 yilda Rossiya Federatsiyasidan Yevropaga neft eksporti umumiy yetkazib berishning 40-45 foizidan 4-5 foizigacha kamaydi, dedi Novak. 

Shu bilan birga, Yevropa davlatlari Hindistondan neft mahsulotlarini sotib oladi va shu bilan bilvosita Moskvaga yonilg‘i uchun to‘laydi - garchi YeI Ukrainaga hujum sababli Rossiya Federatsiyasidan neft yetkazib berishga embargo qo‘ygan bo‘lsa ham. Yanvar oyi boshida Britaniyaning Independent nashri 2023 yilda Hindistondan Yevropa Ittifoqiga neft mahsulotlari importi 115 foizga – kuniga 231,8 ming barrelgacha oshganini, bu so‘nggi yetti yildagi eng yuqori ko‘rsatkich ekanligini yozgan edi. 

Nashrga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining 27 davlatidan 20 tasi neft mahsulotlarini Hindistondan sotib oladi – garchi ular sanksiyalangan Rossiya neftidan ishlab chiqarilgan bo‘lsa ham. Niderlandiya bunday xaridlar bo‘yicha yetakchi bo‘ldi, unga Yevropa Ittifoqining Hindistondan yonilg‘i importi to‘rtdan bir qismi to‘g‘ri keldi. Neft mahsulotlarining yana 23 foizi Fransiya tomonidan sotib olinyapti. 

Germaniya, shuningdek, Hindistondan neft mahsulotlari - benzin, aviakerosin va dizel yonilg‘isini import qiladi. Hindistondan Yevropa Ittifoqiga yetkazib beriladigan yonilg‘ining 7 foizi Germaniya hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Mavzuga oid
Top