20:11 / 29.01.2024
6513

Gruziya bosh vaziri iste’foga chiqdi

Irakliy Garibashvili o‘z partiyasini 2024 yilgi saylovlarga tayyorlash maqsadida hukumat rahbarligidan ketdi.

Foto: AP/TASS

Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili hukumat rahbari lavozimini tark etdi, deb xabar berdi «Gruziya Online». Bu haqda u hukumat ma’muriyatida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

«Jamoa bilan muhokama qilgan qarorimiz haqida ommani xabardor qilmoqchiman. Bugun men bosh vazir lavozimini tark etaman», dedi Garibashvili.

Siyosatchi o‘z iste’fosini 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik va parlament saylovlari bilan izohlagan. Garibashvilining aytishicha, endilikda u hukmron partiya - "Gruzin orzusi"ning raisiga aylanadi.

O‘z navbatida, bosh vazir lavozimini hukmron partiya raisi Irakliy Kobaxidze egallaydi.

41 yoshli Irakliy Garibashvili Gruziya bosh vaziri lavozimiga ilk bor 2013 yilda kelgan edi. So‘ngra, 2015 yil dekabr oyida iste’foga chiqdi. 2021 yilda yana ushbu lavozimda ish boshladi. Bungacha mamlakat mudofaa vazirligini boshqargan edi.

Top