13:48 / 29.09.2023
4112

Garibashvili: Gurjiston Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomiga loyiq

Gurjiston bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiyaning bu boradagi salbiy qarori mamlakat uchun «haqoratli» bo‘ladi. 

Foto: Picture Alliance

Mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, erishilgan yutuqlar va murakkab geosiyosiy vaziyatni inobatga olgan holda, Gurjiston Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomi berilishiga loyiqdir. Bu haqda Gurjiston bosh vaziri Irakliy Garibashvili ma’lum qildi, deya xabar beradi mahalliy OAV. 

Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiyaning bu boradagi salbiy qarorini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi hamda xalq va mamlakat uchun haqoratli bo‘ladi». 

«Kimdir bizga zulm qilishi va orqa qatorlarga o‘tkazishga urinishi qabul qilinishi mumkin emas. Chunki Gurjiston uch davlatlik format mavzusida hamisha birinchi o‘rinda bo‘lgan va turibdi. Biz barcha sohalarda Moldovadan ham, Ukrainadan ham oldindamiz. Biz bu mamlakatlardan qiyoslab bo‘lmas darajada oldinda bo‘lgan sohalar ko‘p», — deya bosh vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan.

Bundan oldin Gurjiston bosh vaziri Irakliy Garibashvili Abxaziya urushi tugaganining 30 yilligi munosabati bilan bayonot bergandi.
 
«Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni ozod qilish va mamlakatimizni birlashtirish davlatimiz va jamiyatimizning asosiy muammosi bo‘lib qolmoqda», dedi bosh vazir. 

Top