18:17 / 02.02.2024
13487

Toshkent IES mazut yoqib havoni ifloslantirgani uchun 1 mlrd so‘m to‘laydigan bo‘ldi

Toshkent issiqlik elektr stansiyasida gazdan tashqari, mazut yoqilgani aniqlandi. Stansiyaga atrof-muhitni ifloslantirgani uchun 1 mlrd 23 mln so‘m kompensatsiya belgilandi, deb ma’lumot berdi Ekologiya vazirligi.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent IESdan chiqayotgan qora tutun Toshkent shahriga kirib kelayotgani videosi tarqalgandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhoza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi holatni o‘rgangani ma’lum qildi.

23–31 yanvar kunlari Ekologiya vazirligi tomonidan Toshkent viloyati, Qibray tumani, Salar shaharchasida joylashgan “Toshkent IES” (issiqlik elektr stansiyasi) faoliyati tekshirilgan. Aniqlanishicha, tekshiruv davomida korxonada gaz asosiy yoqilg‘i hisoblangani, shuningdek, qo‘shimcha yoqilg‘i sifatda mazutdan foydalanilgan. Shu sababli Toshkent shahri havosini tutun qoplagan.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, issiqlik elektr stansiyasiga atrof-muhitni ifloslantirgani uchun 1 mlrd 23 mln so‘m (atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun 759 mln, neft mahsulotlari bilan yerni ifloslantirganlik uchun 264 mln) miqdorida kompensatsiya belgilangan.

Bundan tashqari, IESga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 16 banddan iborat majburiy ko‘rsatmalar berildi. Ayni damda to‘plangan hujjatlar huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan IES mansabdor shaxslariga tegishli chora ko‘rish maqsadida sud organlariga yuborilmoqda”, – deyiladi vazirlik rasmiy xabarida.

Ekologlar Toshkent IES yaqinida havo sifatini o‘lchamoqda / Foto: Ekologiya vazirligi

Ma’lumot uchun, vazirlik 2018 yilda Toshkent IESda 118,9 ming tonna mazut sarflangani va 2023 yilda bu ko‘rsatkich 270 ming tonnadan oshganini (o‘sish 2,3 barobar) ma’lum qilgandi.

Top