Oldinroq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahri havosining ifloslanish sabablari va ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralar haqida tahlillarini e’lon qilgan edi. Vazirlik shaharni ifloslayotgan manbalar haqida batafsil Gazeta.uz’ga ma’lumot bergan.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi
Nashrning vazirlikka tayanib yozishicha, Toshkent atrofida ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalar sabab “yashil halqa” o‘rniga “kulrang halqa” hosil bo‘lgan. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida iqtisodiyot tarmoqlarining ko‘mirga bo‘lgan talabi ortib borayotgani, xususan, issiqxona xo‘jaliklarining ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishga o‘tkazilgani ko‘rsatilgan.
Ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalar va Angren IES
Qayd etilishicha, oxirgi besh yilda iqtisodiyotda ko‘mir iste’molining o‘sish sur’ati 22 foizdan oshgan. Agar 2018 yilda 6,8 million tonna iste’mol qilingan bo‘lsa, 2022 yilda 8,3 million tonnadan ortgan.
“Poytaxt atrofida “yashil halqa” o‘rniga haqiqatda issiqxona xo‘jaliklaridan iborat “kulrang halqa” shakllandi va ular ko‘mirdan foydalanishga o‘tgandan so‘ng atrofdagi hududlar, shu jumladan, poytaxtning havo sifatiga nihoyatda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — degan vazirlik.
Vazirlik tahliliga ko‘ra, so‘nggi besh yilda issiqxonalar soni 2,5 barobarga yetdi (Toshkent viloyatida — 2 barobar) va bu issiqxonalarning 60 foizi isitish tizimining asosiy manbai sifatida ko‘mirdan foydalanmoqda.
Bundan tashqari, 2018 yildan 2023 yilgacha Toshkent viloyatidagi Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasida ko‘mirdan foydalanish 2 barobarga oshdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 10 tonna ko‘mir yoqilganda 220 kg qurum, 360 kg oltingugurt oksidi, 80 kg uglerod va azot oksidi hosil bo‘ladi.
Mazutdan foydalanishning oshishi















