Fan-texnika | 15:16 / 03.02.2024
50602
6 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 5,5G, CyberVAZ-2104 va iPhone tarixidagi eng katta yangilanish – hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Xitoyda 5,5G

Xitoyning China Unicom va Huawei kompaniyalari 5,5G yangi aloqa tarmog‘ini sinovdan o‘tkazdi. Pekinning bir nechta hududida sinalgan 5,5G kutilgan samarani bergan. Yangi standartda o‘tkazuvchanlik soniyasiga 10 gigabitgacha chiqqan, tarmoqning muntazam ishlash tezligi esa soniyasiga 5 gigabitdan yuqori bo‘lgan.

Qayd etilishicha, yangi texnologiya tijoriy faoliyat uchun 2024 yil davomida to‘liq tayyor holatga keltiriladi. 

Foto: Videodan kadr

Dunyodagi birinchi suvosti superyaxtasi

Avstraliyaning Migaloo kompaniyasi hashamatli M5 suvosti superyaxtasini namoyish qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu dunyodagi birinchi shunday kema. 

Kemaning uzunligi 166 metr, kengligi - 23 metr. Unda 20 nafar mehmon joylashadi va 40 nafar ekipaj a’zosi xizmat ko‘rsatadi. 

Foto: Migaloo

Kema 15 ming km masofani bosib o‘tishga mo‘ljallangan, uning tezligi suv yuzasida 20 uzel, suv ostida 12 uzelga teng. Superyaxta 250 metrgacha chuqurlikka tushib, to‘rt haftagacha suv ostida qolishi mumkin. 

Foto: Migaloo

Shuningdek, superyaxtada vertolyot maydonchasi va garaj, ikkita maxsus suvosti kemasi va ikkita suvosti apparati mavjud. Migaloo allaqachon M5 uchun oldindan buyurtmalarni ochgan va uni 2 milliard dollarga baholagan.

CyberVAZ-2104

Rossiyada CyberVAZ patentlandi. Avtomobilning dizayn loyihasi Tesla Cybertruck uslubidagi pikap tarzida yaratilgan. G‘ildirak disklari ham Tesla modeli bilan bir xil ishlangan. Kuzovining qirralari o‘tkir, yon tomonlarida Cybertruck kabi to‘q sariq yoritgichlar mavjud. Eshiklarni ochish uchun mo‘ljallangan tutqichlar tortib olinadigan shaklda bo‘lishi rejalashtirilgan. 

Foto: auto.ru
Foto: auto.ru
Foto: auto.ru

Patent ma’lumotlariga qaraganda, CyberVAZ elektromobil bo‘ladi, biroq mashina seriyali ishlab chiqariladimi yoki yo‘q, bu hozircha noma’lum.

Dunyoning eng qimmat brendlari

Apple kompaniyasi dunyoning eng qimmat brendlari reytingida o‘tgan yilgi yetakchi – Amazon'ni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi.

Qayd etilishicha, 2023 yilda Apple brendi bahosi 74 foizga qimmatlashib, 516,6 mlrd dollarni tashkil qilgan. Microsoft deyarli 78 foizlik (340,4 mlrd dollargacha) o‘sishga erishib, to‘rtinchi o‘rindan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Kuchli uchlikni Google brendi egallagan. U 333,4 mlrd dollarga baholangan. Brend 18,5 foizga qimmatlagan.

O‘tgan yili yetakchi o‘rinni egallab turgan Amazon esa to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘rtinchi o‘ringa tushib ketgan. Brend qiymati 2023 yilda atigi 3,2 foizga o‘sib, 308,9 milliard dollarni tashkil qilgan.

Shuningdek, reytingning yetakchi o‘ntaligidan Samsung (99,4 mlrd dollar), Walmart (96,8 mlrd dollar), TikTok (84,2 mlrd dollar), Facebook (75,7 mlrd dollar), Deutsche Telekom (73,3 mlrd dollar) va ICBC (71,8 mlrd dollar) joy olgan. 

Tesla brendining narxi 12 foizga (58,3 mlrd dollargacha) arzonlashdi, buning natijasida u 2023 yildagi to‘qqizinchi o‘rindan darhol o‘n sakkizinchi o‘ringa tushib ketdi. Qiymatning eng tez o‘sish sur’atini Nvidia brendi ko‘rsatdi, u o‘tgan yilgi 117-o‘rindan 30-o‘ringa ko‘tarildi (163 foiz o‘sish, 44,5 milliard dollargacha), bu sun’iy intellektga asoslangan ishlanmalarga qiziqish ortishi bilan bog‘liq.

Birinchi marta odamga chip o‘rnatildi

Ilon Mask birinchi bemorga Neuralink kompaniyasining implantati o‘rnatilgani va u tuzalib ketayotganini e’lon qildi. 

Foto: Neuralink

Chipni implantatsiya qilish bo‘yicha operatsiyaning dastlabki natijalari istiqbolli ekani ta’kidlanmoqda – nervlarning ko‘plab impulslari aniqlangan. 

Maskning qo‘shimcha qilishicha, Neuralink'ning birinchi mahsuloti Telepathy deb ataladi. Bu telefon yoki kompyuterni va ular orqali deyarli har qanday qurilmani shunchaki fikr kuchi bilan boshqarish imkonini beradi. 

Telepathy chipining birinchi foydalanuvchilari oyoq-qo‘llarini nazorat qilishni yo‘qotgan bemorlar bo‘ladi.

iPhone tarixidagi eng katta yangilanish

2024 yilda Apple kompaniyasi iOS 18 operatsion tizimini chiqaradi, bu iPhone tarixidagi eng katta yangilanish bo‘lishi mumkin. Bu haqda Bloomberg muxbiri va taniqli insayder Mark Gurman ma’lum qildi. 

Avvalo, iOS 18 o‘zgarishlari Siri bilan bog‘liq bo‘ladi. Yangilangan ovozli yordamchi generativ sun’iy intellekt ko‘rinishidagi yangi yadroni oladi. Ushbu yangilikdan keyin Siri yanada foydaliroq va aqlliroq bo‘lishi kerak. 

Generativ SI boshqa operatsion tizim xizmatlariga ham o‘rnatiladi. Hozircha Apple Music ulardan biri bo‘lishi ma’lum.

IOS 18 tizimidagi yana bir katta yangilik Rich Communication Services (RCS) xabar almashish standartini qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi. RCS bu – SMS tizimining ilg‘or analogi bo‘lib, har bir xabar uchun belgilar chegarasiga ega emas, lekin multimedia almashinuviga imkon beradi va kontaktlar haqidagi metama’lumotlarni qo‘llab-quvvatlaydi. 

iOS 18 tizimining beta-versiyasi 2024 yil yozida chiqishi kutilmoqda. Ommaviy versiya esa iPhone 16 taqdimoti vaqtida yoki undan ko‘p o‘tmay chiqariladi.

Mavzuga oid