O‘zbekiston | 16:22 / 06.02.2024
17928
4 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Ortiqxo‘jayev: “Biz importga har qanday cheklov qo‘yishga qarshimiz, u bizga zarar”

Akfa va Artel kompaniyalari asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev har qanday import cheklovlariga qarshi ekani, bunday cheklovlar uning kompaniyalariga zarar keltirishini aytdi. Sohadagi eng yirik ishlab chiqaruvchining bunday pozitsiyasidan kelib chiqib, iqtisodchi Otabek Bakirov tashqi savdo sohasidagi mas’ullarni maishiy texnika sanoatidagi proteksionizmni to‘xtatishga chaqirdi.

Videodan kadr

Akfa va Artel kompaniyalari asoschisi, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev importga cheklovlar kiritilishiga qarshi ekanini bildirdi. Bu haqda u “Lolazor” podkastidagi ishtiroki vaqtida aytib o‘tdi.

Ortiqxo‘jayevning Artel kompaniyasi O‘zbekistonda eng yirik maishiy texnika ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. 2019 yilgacha mamlakatga xorijdan konditsioner, sovutkich kabi maishiy texnikalar uchun import bojlari 0 foiz edi. O‘sha yili noyabrda maishiy texnika tovarlari uchun 30 foizgacha bojlar kiritildi. Qolaversa, jismoniy shaxslar xorijdan har oyda ko‘pi bilan 1 ta maishiy texnika olib kira olardi, 2019 yilda bu cheklov 6 oyda 1 ta deb oshirildi. Qo‘shni mamlakatlardan olib kiriladigan tovarlar qiymati 1000 dollardan 300 dollarga tushirildi.

“Mana shu cheklovlardan sizning biznes strukturangizning asosiy ikki ustuni bo‘lgan Akfa va Artel kompaniyalar guruhlari yutdimi yoki yutqazdimi?” deya so‘radi podkast rezidenti, iqtisodchi Otabek Bakirov.

Bunga javoban Jahongir Ortiqxo‘jayev har qanday import cheklovlariga qarshi ekanini aytdi.

Bizning kompaniyaga qolsa, masalan, Artel, o‘sha kuni Shohrux ham aytdi, biz importga har qanday cheklov qo‘yishga qarshimiz. U bizga zarar. Ochiqchasiga zarar beradi.

Biz har tomonlama hisoblab chiqdik. Mana, bugungi kunda biz to‘layotgan soliqlar va chet eldan olib kirayotganlar to‘layotgan soliqlarni solishtirsak, agar bizga ham nol, importdan kirib kelayotganga ham nol bo‘lsa, biz yutamiz ekan, yana ko‘proq foyda topar ekanmiz”, – dedi u.

Xuddi shunday pozitsiyani avvalroq Kun.uz studiyasidagi suhbatda Artel boshqaruvi raisi Shohrux Ro‘ziqulov ham aytib o‘tgan edi.

Otabek Bakirov podkastdan keyin mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish uchun joriy etilayotgan cheklovlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ziyon keltirayotganini sohadagi eng yirik ishlab chiqaruvchining o‘zi tasdiqlab turganidan kelib chiqib, tashqi savdo sohasi bo‘yicha mas’ullarni maishiy texnikadagi proteksionizmdan voz kechishga chaqirdi.

Birinchidan, maishiy texnika ishlab chiqaruvchilar ham, ularning kamida ikkita o‘zaro bog‘liq guruhini birlashtiruvchi eng yirik benefitsiar ham ajdarho bojlarga va proteksionizmga qarshi. Ishlab chiqaruvchilarning o‘zi yuqori bojlar ularga ziyon keltirayotganini qayta va qayta ta’kidlashdi. Iste’molchilarga keltirayotgan ziyonlarni yana bir bor takrorlash shart emas. Demak, maishiy texnika importida bojlar nollashtirilishi kerak!

Ikkinchidan, ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari eksport bozorlari ular uchun prioritet ekanini aytishmoqda. Yaqin bozorlar sarhadlaridan o‘tib, hatto AQSh, Shvetsiya bozorlariga kirib borilayotgani aytildi. Aytilgan so‘zlarning samimiyatiga ishonsak, importni cheklab, uning o‘rnini mahallliylashtirish bilan bosishdan ular umuman manfaatdor emas. Demak, kishi boshiga cheklovlar, davlat xaridlaridagi preferensiyalar kabi notarif to‘siqlar olib tashlanishi zarur. Davlat ishlab chiqaruvchilarga qanday rag‘bat ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, bundan buyon faqat eksport uchun, ayniqsa sof eksportchilar uchun berishi lozim”, – deya yozdi Bakirov o‘z Telegram-kanalida.

Eslatib o‘tamiz, maishiy texnika sohasidagi yuqorida sanab o‘tilgan proteksionistik choralardan tashqari, 2024 yil 1 fevraldan e’tiboran O‘zbekistonda dilerlik tarmog‘i va servis markazlari bo‘lmagan ishlab chiqaruvchilarning radiatorlari, suv nasoslari va maishiy texnika tovarlarini olib kirish taqiqlandi.

Mavzuga oid