11:29 / 09.02.2024
4135

Surxondaryoda MChJ rahbari 1 mlrd so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qildi

Surxondaryo viloyatida kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Qayd etilishicha, departamentning Boysun tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda «G.G.» MChJ rahbari Sh.S. hududiy tijorat banki filialidan zamonaviy issiqxona qurish maqsadida ajratilgan 1 milliard so‘m kredit evaziga issiqxona jihozlarini olib kelmasdan, kredit mablag‘larini “N.M.” MChJga o‘tkazish orqali talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shu kabi, «B.H.» fermer xo‘jaligi rahbari B.F. chorvachilikni rivojlantirish maqsadida hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga olib kelingan yirik shoxli nasldor chorva mollarini boshqa shaxslarga sotib yuborib, jami 900 million so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top