18:59 / 13.02.2024
73340

Jamoatchilikdan ikki kun yashirilgan dahshatli avariya. Olim Saidovning axborot xizmatiga «tezlik cheklanganmi?» 

11 fevral kuni Qamchiq dovonida sodir bo‘lgan mudhish YTH haqida ikki kundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda hodisa joyidan olingan kadrlar tarqala boshlagachgina rasmiy xabar berildi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati so‘nggi vaqtlarda negadir bunday holatlarni «yeng ichida» saqlashni ma’qul ko‘rmoqda. 22 yanvar kuni Buxoro viloyatining Jondor tumanida 5 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan YTH hali ham ommadan yashirilyapti. 

Foto: FVV

Respublikaning turli hududlarida kunora yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘ladi. Ularning kattagina qismi insonlar o‘limi bilan yakun topadi. 

Albatta, avariyalarning aksariyati haydovchilarning qo‘pol qoidabuzarligi bilan sodir etiladi. Ularning xatosini boshqa bir haydovchi takrorlamasligi, yo‘lda yuruvchilar xulosa qilishi uchun mazkur YTHlar haqida tezkor axborotlar berib borilishi zarur. 

Ammo keyingi vaqtlarda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati negadir bunday holatlarni ommadan yashirishga urinmoqda. 

Jumladan, 11 fevral kuni tunda Qamchiq dovonida mudhish YTH sodir bo‘lgan. Tafsilotlar quyidagicha: Qamchiq dovoni hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatdagi A-373 avtomobil yo‘lining 222-kilometrida DAF hamda Isuzu mashinalari to‘qnashgan. DAF haydovchisi harakat xavfsizligini ta’minlamasdan, yo‘lning xavfli burilish qismida boshqaruvni yo‘qotgan. 

Buning oqibatida ikki haydovchi hamda uch nafar yo‘lovchi tan jarohati olib voqea joyida vafot etgan. 

Ammo mazkur YTH haqida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ikki kun o‘tib, videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan keyingina rasmiy ma’lumot berdi

Shu kabi YTH 22 yanvar kuni Buxoro viloyatining Jondor tumanida sodir bo‘lgan: «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» A-380 avtomagistral yo‘lining Jondor tumani hududidan o‘tgan 299-kilometrida Isuzu qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Lacetti bilan to‘qnashib ketgan. 

Jondor tumani hokimi YTHning oqibatlarini bartaraf etish va shu kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish to‘g‘risida farmoyish chiqardi.

YTH oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan. Biroq Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati 20 kun o‘tsa-da, mazkur hodisa yuzasidan rasmiy axborot bermadi.

Kun.uz’ning viloyatlardan biridagi YHXBda ishlovchi manbasi sodir bo‘lgan YTHlarni imkon qadar ommadan yashirish hamda tafsilotlarni oshkor etmaslik bo‘yicha «yuqoridan» topshiriq bo‘lganini tasdiqladi.  

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati nega bunday yo‘l tutayotgani hozircha noma’lum. YTHni yashirish ular sonini kamaytirishi haqidagi fikr esa shunchaki absurddir.

Ma’lumot uchun, tizimga 4 yildan buyon polkovnik Olim Saidov rahbarlik qilib keladi. U 2019 yil noyabr oyida Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2022 yil yanvar oyidan esa IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Top