16:00 / 03.03.2024
16410

G‘azoga yordam «koalitsiyasi»: Iordaniya boshlagan «osmon missiyasiga» AQSh va Fransiya ham qo‘shildi

Falastinning G‘azo sektorida Isroil o‘tgan yil kuzida boshlagan bosqinni hamon tugatgani yo‘q. TsAXAL hujumlari oqibatida allaqachon dunyoning eng zich odam yashaydigan hududiga aylanib bo‘lgan G‘azoda 30 mingdan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘ldi.

Falastinlik otalar farzandlari jasadini janoza o‘qish uchun olib ketishmoqda
Foto: AFP

Bosqin boshida falastinliklar bomba va snaryadlar zarbidan halok bo‘lgan bo‘lsa, endi bu ofatlarga ochlikdan nobud bo‘lish ham qo‘shildi. Deyarli yarim yildan buyon Isroil dunyodan uzib qo‘ygan G‘azoda aksar odamlar boshpanasidan ayrilgan. Hozir tirik qolgan odamlarning asosiy maqsadi qanday qilib bo‘lmasin o‘lib qolmaslik uchun yegulik topib yeyish.

Ramazon boshlanmoqda

Ayniqsa bo‘lg‘adagi bolalar noinsoniy sharoitlarda yashashda juda qiynalmoqda. Yaradorlarga hamon normal tibbiy xizmat ko‘rsatilmayapti. Gigiyenik vositalar esa yo‘q hisob. Dunyodagi yirik davlatlarning G‘azo borasidagi muzokaralari ham, musulmon davlatlarning o‘zaro yig‘ilishlari ham Falastinning ushbu qamalda qolgan qismida jon saqlayotgan 2 million odam uchun hech narsa bermayapti.

Rafahda bo‘tqa uchun navbatga turgan g‘azoliklar
Foto: Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti

Ramazon oyi boshlanishiga sanoqli kunlar qolgan bir vaqtda G‘azoning kichik bir qismida jon saqlayotgan falastinlik musulmonlarga ayovsiz ochlik azob bermoqda.

Havodan yordam «koalitsiyasi»

Urush boshlanganidan buyon ilk marta qaysidir davlat nihoyat G‘azoga havodan turib oziq-ovqat yuborish mumkinligini tushunib yetdi. Iordaniya hukumati Qirol Abdulloh II nomidagi aviabazadan harbiy samolyotlarini havoga ko‘tardi-da, G‘azoga osmondan parashyutlar yordamida oziq-ovqat, tibbiy vositalar va birlamchi ehtiyoj mahsulotlarini tashladi.

Iordaniyalik uchuvchilar G‘azoga yordam tashlash operatsiyasi uchun samolyot tomon ketmoqda
Foto: Hussam Hasan / The Washington Post

Aksar yordam mahsulotlari dengizga tushdi va g‘azoliklar qayiqlarda ularni quruqlikka olib chiqishdi. Hozir G‘azoga quruqlikdan kelayotgan yordam ham to‘xtab qolgani yo‘q, lekin juda kam. Bir necha kun avval gumanitar yordam uchun navbatda turgan odamlarga berilgan Isroil raketa zarbasi oqibatida kamida 100 kishi g‘alok bo‘ldi, 700 kishi yaralandi.

BMTning Falastinga yordam bo‘yicha agentligi rahbari Filipp Lazarini havo orqali yordam eng oxirgi chora va juda qimmat yo‘l hisoblanadi. U G‘azoga bu tarzda yordam berish yetarli emas deb hisoblamoqda. «O‘tkazish punktlarini ochib qo‘yish, G‘azoga gumanitar va tibbiy konvoy yuborish kerak», degan Lazarini.

GPS bilan jihozlangan qutilar

Iordaniya urush boshlanganidan buyon G‘azoga havodan imkon qadar yordam berib kelmoqda. Qirollik o‘zi homiylashtiradigan kasalxonalarga noyabr oyidan buyon havodan AQSh va Britaniya yetkazib bergan maxsus GPS bilan jihozlangan qutilarda tibbiy vositalar yetkazib berayotgandi. Ammo bu galgi missiya bir qancha murakkab bo‘lib, endi o‘rdunliklar kichikroq qutilarni O‘rta Yer dengizi sohillari yaqiniga tashlab chiqishmoqda.

Foto: Jordanian army

Yordam mahsulotlari asosan oziq-ovqat, bolalar uchun tagliklar, gigiyena vositalaridan iborat. Yordam mahsulotlari C-130 samolyotlari orqali tashlandi. Bitta bunday samolyot 16 ta qutini osmondan tashlay oladi. Qutilar maxsus tayyorlangan bo‘lib, parashyutlar ularni belgilangan joyga yetkazadi.

Deyarli barcha qutilarda o‘rdunlik maktab bolalarining falastinlik bolalarga tilaklari bitilgan xatlar biriktirilgan. Xususan, bolalar Qur’oni karimdan iqtiboslar keltirib, g‘azolik bolalar bilan birga ekanliklarini bildirishgan.

Har qutida maqluba

G‘azoga tashlanayotgan har bir qutida falastinliklar milliy taomi maqluba ham bor. Bu taom guruch, baqlajon, go‘sht, kartoshka va karam solib tayyorlanadi.

Falastinliklar milliy taomi maqluba
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«Yordam miqdori juda kam, osmondan bo‘ladimi, yerdanmi, baribir kam. Shu sabab biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz», deydi Iordaniya harbiy havo kuchlari vakili. Mamlakat rasmiylari har bir parvoz necha pulga tushayotgani va parvozlar Isroil tomoni bilan qanday kelishilayotganini ochiqlashni rad etgan.

Gumanitar yordamni tashlashda samolyotdan turib ishtirok etgan Washington Post jurnalisti Hussam Hasan holatni shunday tasvirlaydi: «Uchoq g‘arbga uchib, Tel-Aviv orqali G‘azoga yo‘naldi. Bo‘lg‘aning ustiga kelganda barcha erkaklardan iborat ekipaj jimlikka cho‘mdi. Ular hech nima demay samolyotning kichik derazasi orqali vayronaga aylangan shaharni tomosha qilib, damba-dam qutilarni saralar, kislorod ballonlar va parashyutlarni tekshirishardi.

G‘azoga yordam tashlash jarayonida qatnashayotgan iordaniyalik harbiylar
Foto: Hussam Hasan / The Washington Post

Washington Post jurnalistlari bo‘lgan samolyot o‘z yuklarini Iordaniya G‘azo shimolida barpo etgan dala hospitali ustiga tashlaydi. Uni kasalxona xodimlari kutib turishgandi. Qutilardan biri kuchli shamol sabab Isroil hududiga tushdi.

Yuklar tashlab bo‘lingach, harbiylar nihoyat tin olishdi-da, quritilgan olma va suv tamaddi qilishdi. Ulardan biri 20 kundan buyon uyiga bormay shu operatsiyaga tayyorlangan va har ikki kunda samolyotga ko‘tariladi. U yuklar tashlab bo‘lingach yopilgan eshikka qarab «Alloh ularni bu azoblardan qutqarsin deb qo‘ydi», deb tasvirlaydi samolyotlardan biridagi holatni jurnalist.

C-130 samolyoti derazasidan ko‘rinayotgan G‘azo vayronalari
Foto: Hussam Hasan / The Washington Post

Jurnalistning ta’kidlashicha, iordaniyaliklar uchun Falastin masalasi juda og‘riqli hisoblanadi. Axir Iordaniyada ham G‘azodagidan kam bo‘lmagan falastinliklar yashaydi. BMT qochoq sifatida ro‘yxatga olgan aksar falastinliklarda Iordaniya pasporti ham bor.

«Ommaviy bolalar qirg‘ini»

G‘azoga yordam yuklari yuborish fevral oyiga borib keskin tushib ketdi. Chunki Isroil harbiylari gumanitar konvoyni qo‘riqlab ketayotgan Falastin politsiyasini o‘qqa tutishi vaziyatni qiyinlashtirib yubordi. Norvegiya qochoqlar masalalari bo‘yicha kengashi G‘azodagi holatni «gumanitar apokalipsus» deb atagan.

Ovqat uchun navbatda turgan g‘azolik bolalar
Foto: Reuters

Save the Children International xalqaro tashkiloti vakili Aleksandra Sayye Al Jazeera bilan suhbatda G‘azoda olam «bolalar ommaviy qirg‘inini sekinlashtirgan kadrlarda ko‘rayotganini» aytgan.

Osmondan yordam «koalitsiyasi»

Dunyoda Isroilni qo‘llash deyarli yo‘qolib bormoqda, shu sabab tobora ko‘proq davlatlar Iordaniyaning havo operatsiyasiga qo‘shilmoqda. O‘tgan hafta davomida Fransiya, Misr va BAA o‘z samolyotlarini ushbu missiyaga jalb qilgan. Iordaniya samolyotlari AQSh va Britaniya tomonidan berilgan yordam yuklarini yetkazib bermoqda.

Foto: The New York Times

3 mart kuni AQSh ham o‘z samolyotlari bilan yordamlarni tashlashni boshladi. Shuningdek, Oq uy G‘azga dengiz korridori ochib, bo‘lg‘aga hospital ko‘rinishidagi kemalarni yuborish haqida ham o‘ylamoqda.

Jo Bayden 1 mart kuni Oq uyda Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan uchrashuv vaqtida AQSh havodan G‘azoga yordam tashlash operatsiyasiga tayyorlanayotganini e’lon qilgandi. Bayden ham G‘azoga dengiz korridori haqida gapirdi.

G‘azolik qizaloq qochoqlar lagerida ukasiga ovqat bermoqda
Foto: Reuters

«Biz bu borada ko‘proq ish qilishimiz kerak, AQSh shunday qiladi ham. Hozir G‘azoga yuborilayotgan yordam yuklari yetarli emas. Falastin hududiga ko‘proq mashinalar o‘tkazilishi uchun Isroil tomoni bilan muzokara o‘tkazamiz. Axir o‘rtada begunoh odamlar va bolalar hayoti turibdi», dedi Bayden matbuot anjumani davomida.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top