13:43 / 07.03.2024
2559

O‘zbekiston va Niderlandiya jigar transplantatsiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi

Niderlandiyaning Erazmus tibbiyot markazi O‘zbekiston bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor.

Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov Rotterdam shahridagi (Niderlandiya) Erazmus universiteti tibbiyot markazi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo».

Uchrashuvda markaz vakili, professor Luc Van der Laanning aytishicha, Yevropa Ittifoqining Erazmus dasturi doirasida ushbu tibbiyot markazi va O‘zbekiston tibbiyot ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor.

«Erazmus tibbiyot markazi O‘zbekiston bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun Yevropa institutlaridan moliyaviy ko‘mak jalb qilishi mumkin. Markazning Transplantologiya instituti O‘zbekistonning uchta oliy o‘quv yurti – Toshkent tibbiyot akademiyasi, Buxoro davlat tibbiyot instituti va Samarqand davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor», - dedi Luc Van der Laan.

Mazkur hamkorlik doirasida jigar transplantatsiyasi va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning yuqorida qayd etilgan tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va Erazmus tibbiyot markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlarini tuzish taklifi muhokama qilindi.

Niderlandiyaning Erazmus tibbiyot markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tibbiyotning ommabop va noyob yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash, O‘zbekistondagi universitetlarni global biotibbiyot tadqiqotlariga integratsiyalashuvi hamda Yevropaning doktorantura va magistratura dasturlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Top