08:38 / 11.03.2024
8769

«Oskar-2024»: «Oppenhaymer» eng yaxshi film deb topildi 

Los-Anjyelesda 96-«Oskar» kinomukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. «Oppenhaymer» «Eng yaxshi film» nominatsiyasida, uning rejissyori Kristofer Nolan esa «Eng yaxshi rejissyor» nominatsiyasida «Oskar»ni qo‘lga kiritdi.

Foto: REUTERS

2024 yilgi eng yaxshi film mukofoti uchun boshqa nomzodlar qatoriga quyidagilar kirdi: «Amerika fantastikasi», «Qulash anatomiyasi», «Barbi», «Tashlab ketilganlar», «Gul oyining qotillari», «Maestro», «O‘tgan hayotlar», «Baxtsiz qashshoqlar» va «Qiziqish zonasi». 

«Oppenhaymer»da o‘ynagan Killian Merfi «Eng yaxshi aktyor» sifatida «Oskar»ni oldi, kichik Robert Dauni esa ushbu filmdagi ishi uchun eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor sifatida e’tirof etildi. Hammasi bo‘lib «Oppenhaymer» yettita «Oskar» oldi. 

Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa Davayn Joy Rendolf mukofotga «Tashlab ketilganlar» filmidagi ishi uchun sazovor bo‘ldi. «Eng yaxshi ayol roli» uchun «Oskar» Emma Stounga rejissyor Yorgos Lantimos tomonidan suratga olingan «Baxtsiz qashshoqlar» filmidagi roli uchun berildi. Ushbu film, shuningdek, eng yaxshi kostyumlar, grim va soch turmagi, shuningdek, badiiy rassom ishi uchun kinoakademiya mukofotlarini oldi.

Rejissyor Mstislav Chernov tomonidan suratga olingan «Mariupolda 20 kun» filmi eng yaxshi to‘liq metrajli hujjatli film deb topildi.

Eng yaxshi animatsion film uchun mukofot Xayao Miyadzakining «Bola va qush» filmiga nasib etdi. Rejissyorning o‘zi marosimda ishtirok etmadi. 

Filmdagi eng yaxshi qo‘shiq uchun «Oskar» mukofoti Billi Aylish va Finneas OʼKonnellning «Barbi»da ijro etgan «What Was I Made For?» qo‘shig‘iga berildi. «Barbi» rejissyori Greta Gervig va filmda bosh rolni ijro etgan Margo Robbi «Oskar» mukofotiga nomzod sifatida qo‘yilmadi. 

Top