12:53 / 19.03.2024
15405

O‘zbekistonda pensiyaning eng kam miqdori 621 ming so‘mdan oz bo‘lmasligi belgilandi

Shuningdek, pensionerga hisoblangan, lekin talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddati 12 oydan 24 oygacha uzaytirildi. Fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali murojaat qilish huquqi berildi.

Foto: Kun.uz

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

“Ijara to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgarishga asosan, endi ijarachining nogiron bo‘lib qolgani ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘la olmaydi.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra esa pensionerga hisoblangan, lekin pensioner tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddati 12 oydan 24 oygacha uzaytirildi.

Shuningdek fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilish huquqi berildi.

Qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligi belgilandi. Pensiyalar miqdorlari yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib boriladi.

“Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishga binoan, fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelgani to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ma’lumotlar fuqaroning pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi minimal iste’mol xarajatlari miqdori 2021 yilda 440 ming so‘mni tashkil etgan, 2022 yil yanvaridan boshlab 498 ming so‘mga, 2023 yil iyul oyidan 568 ming so‘mga oshirilgan. 2024 yil uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdori kishi boshiga 1 oyga 621 ming so‘m deb belgilangan.

Mavzuga oid
Top