Chempion hikoyalari: Valverde bolaligi, «Real»ga kelishi va hayotidagi qiyin kunlar haqida
Madridning «Real» jamoasi motori, so‘nggi mavsumlardagi almashtirib bo‘lmas futbolchisi Federiko Valverde mashhur loyihaning navbatdagi ishtirokchisi bo‘ldi. Urugvaylik futbolchi o‘zining qiyin o‘tgan bolaligi, Madriddagi ilk qadamlar, og‘ir xarakteri va oilasi bilan yengib o‘tgan sinovlar haqida o‘rtoqlashdi.
O‘tmishga qarar ekanman, hayotimda uch marta ajoyib kun bo‘lganini anglayman. Birinchisi, «Real» meni chaqirgan kun. Ikkinchisi, o‘g‘lim Benisio tug‘ilgan payt. Uchinchisi, o‘g‘lim Bautista dunyoga kelgan kun.
Mana shu uchinchi baxtli kun uchun oilam bilan haqiqiy do‘zax qiyinchiliklarini boshdan o‘tkazganmiz. Aslida men uncha sergap emasman, tuyg‘ularimni boshqalarga oshkor qilishga o‘rganmaganman. Ammo ko‘pchilikka foydali bo‘lishi mumkinligini bilganim uchun ham hammasini aytib berishim kerakligini his qilmoqdaman. Ishonavering, men kabilar Janubiy Amerikada juda ko‘p.
O‘z hikoyamni aytib berishim uchun eng boshidan boshlashim kerak. Hozir qarshingizda bir kuchli erkakday turgan bo‘lsam, bir paytlar qanday bolakay bo‘lganimni ham tushunishingiz kerak.
Urugvayda hammasi boshqacha. Qiyinchiliklar qonimizga singib ketgan. Oilamiz shunchaki kambag‘al edi, deb aytsam, noto‘g‘ri bo‘ladi. Ota-onam haqiqiy ovchi edilar. Otam kazinoda qorovul bo‘lgan, onam esa ko‘chada katta aravani yetaklab kiyim va o‘yinchoqlar bilan savdo qilardi. Tasavvurimda bunday katta aravani faqat Xalk yetaklay oladigandek tuyulardi. Onam – haqiqiy jangchi. Issiqmi, sovuqmi, shamolmi, onam o‘sha aravani yetaklab bozorga yo‘l olardi.
Onam ertalab sakkizdan kechki yettigacha, otam esa, kechki sakkizdan ertalab oltigacha ishlardi. Hisoblab olavering, oilamizda faqat bir oltin soat bor ediki, uch kishi birga o‘tirib, kichkinagina go‘sht bo‘lagini baham ko‘rish uchun. Darvoqe, onam doim men uchun kola ham bo‘lishini ta’minlardi. Ha, Ispaniya yoki Amerikada ko‘pchilikka oddiy holatdek tuyular, ammo o‘sha kola men uchun xuddi shampan vinosi kabi edi.
Bir banka kola ichishim uchun onam nimalarni qurbon qilgan, rosti, bila olmayman. Bolalikda sodda bo‘lamiz, onam ovqat yemayaptimi, ha, qorni och emas ekan, deymiz, tamom. Hozir bu haqida o‘ylasam, uning nega ba’zida hech narsa yemaganini ham tushuna boshlayman. Men uchun o‘sha bir parcha go‘sht va kolaning o‘zi baxt, onam esa, har kunning oxirida bir oila jam bo‘lishimizdan baxtiyor edi, nazarimda.
Mana shu kunlar oilamiz uchun «la garra» edi. Bu bizning sabrimiz, ruhimiz, qat’iyatimiz. Menimcha, butun uyni bo‘yash uchun yetarli pulimiz bo‘lmaganki, otam faqat mening xonamni bo‘yab, yangi qilib bergandi, u ko‘chada menga shlangda suv separ – bu bizning o‘ziga xos basseynimiz. Yetadi. La Garra!
Ammo shuni ham tan olishim kerak, ba’zi hollarda noqulayliklar ham bo‘ladi. Masalan, futbol o‘ynashni boshlagach, sheriklarimning sharoitini ko‘rganimda, farq seziladi. Esimda, o‘rtoqlarim uyimga kelishini xohlamasdim, chunki televizorimizda faqat uchta bepul kanallar ko‘rsatardi xolos. Yoki yozda kechqurun uxlashga yotib, suvaraklar ovozini eshitasiz.
Hozir kulib aytib beryapman, ammo o‘sha paytlarda biroz uyalardim. Bilasiz-ku, 11-12 yoshlardagi bolalar qanchalik rahmsiz bo‘lishini. Xuddiki, agar ular qanday yashashimni bilib qolishsa, boshimda yong‘oq chaqishadigandek tuyulardi. Shuning uchun ancha kamgap, yopiq bola bo‘lganman.
Butun tuyg‘ularimni futbolga sarflardim. Aynan futbol tufayli oilamizdagi sharoitni o‘zgartira oldim. Afsuski, bu meni ham o‘zgartirdi. O‘n olti yoshimda «Penyarol» bilan professional shartnoma imzolaganimda, go‘yoki o‘zimni xudo deb o‘ylay boshlagandim. Menimcha, hammayam tushunavermaydi – bir onda ko‘chada sang‘ib yurgan boladan katta odamlar sen bilan selfi tushishni iltimos qiladigan darajaga o‘tib qolish oson emas. O‘tgan hafta senga qayrilib ham qaramagan qizlar sms yozishni boshlashadi. Hamma sen bilan do‘st bo‘lishga oshiqadi.
Yo‘ldan adashish hech gap emas. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar davrida ulg‘aygan biz kabilar uchun.
Otam ko‘p aytardi: «Sen nega falonchi bilan ko‘rishmayapsan. Nima bo‘ldi? Axir u oddiy bo‘lib yurgan paytlaringda ham sen bilan o‘rtoq edi-ku?»
Ammo men yangi do‘stlarni eskilariga almashtirdim. Bir yomon ishlar qilmaganman, yo‘q, lekin ancha kibrlanib ketganim aniq. Uyga qaytayotganimda yo‘limni poylab, avtograf so‘ragan bolalarni ham rad qilardim vaqti kelsa. Charchaganimni bahona qilib ketib qolardim.
Eslasam uyalaman. Ota-onam meni bunday tarbiya qilishmagandi. Kim ham edim aslida? Shunchaki, futbol o‘ynashni o‘rganib olgan oddiy bola. Birgina kolaga xursand bo‘ladigan bola qayerga ketdi? Oniy muvaffaqiyat meni keskin o‘zgartirib yuborgandi.
Aynan o‘sha paytlarda futbolning boshqa yuzini ko‘ra boshladim. Agar men haqimda internetdan qidirsangiz, 16 yoshimda «Arsenal»ga o‘tishga yaqin bo‘lganimni o‘qiysiz. Bu qisman to‘g‘ri. «Arsenal» menga yoqadi, ammo hech qachon Angliyaga ketishni istamaganman. Ko‘pchilik hayron bo‘lar, nega «Arsenal»ni xohlamayotganimga qiziqardi. Urugvayda qolib ketmoqchimisan, deyishardi. Aslida esa, yolg‘iz qolganda «agar «Arsenal»ga o‘tsang, yaxshi pul ishlab olishimiz mumkin» deb shipshitishardi.
Tushunyapsizmi, futbolda hayoting mutlaqo o‘zingniki bo‘lmaydi. Ayniqsa, yoshlik paytda turli manfaatlarning asiriga aylanib qolasan. Hatto oilang ham kimlargadir ergashishga majbur. Ayniqsa, Janubiy Amerika vakillari uchun futbol bu yaxshi hayot tomonga qochish hisoblanadi. Albatta, o‘rtakashlar buni yaxshi bilishadi va shu og‘riqli tomonga zarba berishga urinishadi.
«Axir, Fede, agar «Arsenal»ga borsang, yumshoq yotog‘ing, issiq suvi tugamaydigan hammoming bo‘ladi. Nahotki shunday hayotdan voz kechsang?»
O‘sha paytda «Arsenal»ni rad etish uchun yo tentak bo‘lganman yoki yetarli darajada qat’iyatli. Sovuq dushda cho‘milaveray, lekin hozircha oilam bilan birga bo‘lmoqchiman. Miyamda balki butun umr Urugvayda qolishimni reja qilganman.
Keyin esa, bir qo‘ng‘iroq hayotimni o‘zgartirib yubordi. Paragvayda o‘smirlar o‘rtasida qit’a chempionatida to‘p surayotgandim. Ertasi kuni Argentinaga qarshi katta o‘yin kutib turardi. Men mehmonxonada, ota-onam qo‘shni xonada istiqomat qilishadi. Onam qo‘ng‘iroq qildi va tezda ularning oldiga kirishimni so‘radi. Men bilan gaplashmoqchi bo‘layotgan odamlar bor ekan.
«Oyi, uzr, chiqa olmayman» – dedim-da, go‘shakni qo‘ydim. O‘yin oldidan xonadan chiqishimiz taqiqlangan edi.
Qayta telefon bo‘ldi.
«Fede, darhol kel, «Real»dan kelishibdi».
Hazil deb o‘yladim. Yugurib borsam, rostanam, ikki notanish yigit turibdi. Onamning ko‘zlarida yosh. Umuman, onam hadeb yig‘layverishini e’tiborga olsak, hali hammasi noma’lum.
Esimda, avval ularni «Penyarol»dan deb o‘yladim. Menga yangi shartnoma taklif qilishmoqchi shekilli. Zo‘r-ku, Argentina bilan o‘yingacha yaxshi butsa sotib olaman. Balki PlayStation’ga ham pul yetar. Ammo yigitlar bizning emas, Kastilya ispanchasida gapira boshlagach, tomim ketib qoldi. Ular bu yerlik emas-ku? Nahotki?
«Biz «Real»danmiz» – dedi ular, – «siz biz uchun yulduz bo‘lishingizga ishonchimiz komil. Siz va oilangiz Madridga ko‘chib o‘tishingizni so‘raymiz».
Dunyoda yarim million futbolchi «Real»ga o‘tishni xohlaydi, bular meni olishmoqchimi? Nima?!
Xonadan otilib chiqdim. Tezda otamni topishim va yangilikni aytishim kerak edi.
«Dada, dada! Madrid shu yerda!»
«Bu nima deganing? Kim, qayerda?»
«Xonamizda. «Real Madrid» men bilan shartnoma tuzmoqchi».
Otam menga xuddi dunyodagi eng tentak odamni ko‘rib turgandek qaradi:
«Xonada? Unda sen bu yerda nima qilyapsan? Qayt, ahmoq!»
Bu mening hayotimdagi ilk baxtiyor kunim. Chunki ota-onam qanchalik hayajonlanib ketishganini ko‘rdim. Onam nihoyat quvonchdan yig‘lardi. Otam esa, tog‘ kabi, his tuyg‘ularini namoyish qilavermaydi. Ha-ha-ha. Lekin men kichik tirqishdan ko‘ra oldim – uning ko‘zlari yonib turardi.
«Mening o‘g‘lim «Real Madrid»da o‘ynaydi»
Ushbu taklifni baholab bo‘lmaydi. Dunyoning cho‘qqisida edim. Albatta, doimgidek, hayot menga kamtar bo‘lishni ham o‘rgatib qo‘ydi.
Madridga kelganimda o‘zimni Messi va Krishtianuning jamlanmasidek his qilardim. Jiddiy aytyapman. O‘zimni oqlash uchun aytishim mumkinki, o‘n yetti yoshda shu darajada ahmoq bo‘lasanki, agar senga ozgina pul berib, yana maqtay boshlashsa, asti qo‘yavering.
Ogohlik qo‘ng‘irog‘i uzoq kuttirmadi. «Kastilya»dagi ilk mashg‘ulotga borganimda bulutlarda kezib yurardim. O‘zimga ishonchim juda katta. To‘g‘risi, mashg‘ulotlarni to‘liq eslolmayman, ammo kiyim almashtirish xonasida sheriklarimni kuzatganim yodimda. Dahshat brend kiyimlar. Bu Benzema, Modrich yoki Marselo emas hali. Miyamda chaqmoq chaqqandek bo‘ldi – eh, Fede, ikki yevrolik futbolkani kiyib olgansan-ku!
Men uchun Zara qimmat hisoblanardi. Urugvayda agar shuni kiysang, sendan zo‘ri yo‘q. Mana, o‘tiribman, bularning soati uyimizdan qimmat-ku! Mana sening darajang, tentak. Oyoq kiyimni ham yechgani erinib o‘tiribman, dushga kirib ketayotgan bolalar esa, Gucci ich kiyimida. Ichki kiyimda, tasavvur qilyapsizmi? Buni qachon o‘ylab topishdi, narxi qancha o‘zi bularning?
Ha-ha-ha. Ishqilib, paypog‘im yirtiq bo‘lmasin-da, onam tikib qo‘ygandirlar. 20 daqiqacha go‘yoki telefon kavlayotgandek o‘tirdim. Yigitlar menga qarab, hayron:
«Biror narsa bo‘ldimi? Tinchlikmi, nega o‘tiribsan?»
O‘sha oqshom o‘zimga aytganlarimni eslayman: «Bolakay, o‘zingni kim deb o‘ylading? Krishtianumisan? Hali hech kim emassan!»
Futboldagi eng qiziq holat shu. Sening millionlab muxlising bo‘lishi, millionlab dollarga ega bo‘lishing mumkin, millionlar seni buyuk deb atashi, lekin shunda ham aslida sen shunchaki sodda bola bo‘lishing mumkin. Men aslida shu jamoadagi bolalarning birortasidan ham ko‘proq g‘alaba qozonmagandim. Ana shunda, aslida hech kim ekanligimni anglagan kunimdanoq, ixtiyorimdagi hamma narsani qadrlay boshladim. Endi men uxlaydigan yumshoq matras, konditsioner, televizordagi ellikta kanal, kiyimlarimni tozalaydigan kitmen – axir bu jannatku!
O‘zimning BMW X3 mashinamda mashg‘ulotga kelib, xuddiki Ferrari minib kelgandek his qilardim. «Bolalar, iltimos, ehtiyot bo‘linglar, mashinamni qirib qo‘ymang». Aslida turargohdagi eng arzon mashina meniki edi. Men uchun esa eng birinchi shaxsiy mashina.
Bu Madriddagi ajoyib kunlarning boshlanishi, oddiy bolakaydan haqiqiy erkakka aylanishimdagi dastlabki qadamlar edi.
Ammo, men uchun futbolda ham, hayotda ham hammasini anglatgan voqea – Benisio. Ota bo‘lish.
19-20 yoshimda, futbol o‘ynab, yaxshi pul topib, mashina haydab yurgan paytlarimda ham hali bola edim. 21 yoshimda farzandim dunyoga kelganda men uchun hayot rostakamiga o‘zgardi. Bu mening ikkinchi baxtiyor kunim edi.
Shu kungacha men asosan o‘yinlarimga e’tibor qaratardim. Agar o‘yinim chiqmasa yoki yutqazsak, soatlab ota-onam bilan ham gaplashmasdim. Bir o‘zim xonada o‘tirib, xatolarim haqida o‘ylardim. Bilmadim, bu sog‘liq uchun zararmi, yo‘qmi, agar «Real» futbolchisi bo‘lsangiz, eng katta bosimni his qilasiz va bu butun umrga.
Benisio tug‘ilgandan keyingina, mag‘lubiyatga uchragan kunlarimda ham o‘zimni inson his qilishni boshladim. Endigina yurishni boshlagan paytlarda uyga kirib kelishim bilan qo‘lida o‘yinchog‘ini ko‘tarib qarshimga peshvoz chiqardi. Meni quchoqlardi. Unga bugungi o‘yin bir tiyin. Futbol nima ekanini ham bilmaydi. U shunchaki otasi bilan o‘ynamoqchi.
Uning menga bo‘lgan muhabbati meni ham inson, ham futbolchi sifatida o‘zgartirdi. Ruhiy tomondan u menga juda kerak bo‘lib chiqdi, zero o‘zimga nisbatan nihoyatda talabchan edim. Rafiqammi? Mina? U endi boshqa daraja. U futbolni juda yaxshi tushunadi, argentinalik, ularning qanaqa bo‘lishini bilasiz-ku, ha-ha-ha. Hech qachon uning ko‘ngli to‘lmaydi.
«Ayaks» bizni Chempionlar Ligasidan chiqarib yuborgani esingizdami? Biz mashinaga o‘tirdik, kayfiyatim rasvo, u gapira boshladi:
«Fede, bu nimasi? «Real»da shunaqa o‘ynamoqchimisan endi? Nega darvozaga tepmading? Bu qo‘lingdan kelardi-ku?»
Ey Xudo, uning tahlillarini eshitmaslik uchun mashinani o‘t oldirdim. Eng yomoni, buni hech qachon o‘ziga tan olmasdim, balki bugungi gaplarni o‘qimas, xullas, u haq edi. Jin ursin. Biz haqiqiy futbol oilasimiz. Bir urugvaylik va bir argentinalik. Tasavvur qila olmaysiz.
Shuning uchun o‘g‘lim tug‘ilganida katta o‘zgarish sodir bo‘lgandi. Onamga o‘xshab qolgandek edim. Mashg‘ulotga ketayotganingda uni ko‘rsang, o‘zingni haqiqiy jangchidek his qilasan. Halk kabi. Gucci yoki boshqa qimmatbaho kiyimlarning ma’nosi yo‘qoladi, agar o‘g‘ling uchun o‘ynasang, senda qo‘shimcha kuch paydo bo‘ladi.
Tabiiyki, faoliyatimdagi eng yaxshi mavsum, 2021-22 yillarda «Real» bilan Chempionlar Ligasini yutib, men ham bu klub tarixida izimni qoldirdim, deb hisoblay boshlagan davrda Benisio ikki yosh edi va ulg‘ayib, shaxsiyati shakllana boshlagandi. Bir necha oy o‘tib Mina yana homilador ekanini bildik. Bizdan baxtli odam yo‘q. Dastlabki oylarda hammasi yaxshi kechdi. Ammo bir kuni, Mina tekshiruvga borganida...
Vrach homila xavf ostida ekani va yaxshi bo‘lib ketish ehtimoli juda pastligini aytdi. Yana bir oyda hammasi aniq bo‘lar ekan, bizda kutishdan boshqa iloji qolmagandi. O‘sha paytdagi holatimizni tasvirlab bera olmayman.
Mina ham ruhiy, ham jismonan qiynaldi. Men xuddi o‘chib qolgandim. Hammasini ichimga yutadigan fe’lim bor. Sog‘liq uchun zararli bo‘lishi mumkin, ammo men shunaqaman. Hech qachon yig‘layotganimni birov ko‘rmasligi kerak. Hatto oilam ham.
Barchaga qiyin, men esa, ularga suyanchiq bo‘lishim kerak edi. Kuchli personaj rolini o‘ynashim, rafiqamga «Hammasi Xudoga bog‘liq» deb turishim kerak. Yolg‘iz qolganda esa, soatlab yig‘lardim. Vannaga o‘n besh daqiqaga kirib, o‘n daqiqa boshimni qo‘llarim bilan yopib yig‘lab o‘tiraman. O‘yin kunlari esa, diqqatimni jamlashim kerak, lekin o‘rnimdan turguncha yana tug‘ilmagan o‘g‘limni o‘ylashni boshlab yuboraman.
Ba’zida yaxshi o‘ynolmagan paytlarim bo‘ldi, muxlislar hushtak ham chalishdi. O‘yin tugagach esa, jurnalistlarning savollariga javob berishim kerak, shu bilan birga, tuyg‘ularimni yashirishim, aslida nima bo‘layotganini bildirmasligim shart. Shunga o‘xshash holatlarni boshdan kechiradiganlarga maslahatim, qaysar bo‘lmaslik kerak. Hammasini ichga yutish ham yaxshi emas.
«Vilyarreal»ga qarshi apreldagi o‘yinimizdan keyin hammasi tubga qarab ketdi. Gazetalardagi sarlavhalar hammaning esida. Bu masalani qayta ko‘targim kelmaydi, ammo aytishim kerak...
Maydonda meni har qancha haqorat qilish mumkin, chidayman, e’tibor ham bermayman. Axir men urugvaylikman. Lekin ba’zi chegaralar borki, hech qachon kesib o‘tmaslik kerak. Inson sifatida. Agar oilam haqida gapira boshlashsa, bu endi futbol emas.
Mana shu chegara buzilgandi. Javob berishim kerakmidi? Balki, yo‘q. Balki uyga borib, o‘g‘lim bilan hamburger yeb, multfilm ko‘rib o‘tirishim mumkin edi. Ammo men ham odamman, ba’zida o‘zim uchun, oilam uchun turib berishim lozim.
Ommaviy axborot vositalari meni beshafqat inson sifatida namoyon etishini kuzatish og‘riqli edi. Yolg‘on gaplar ham yangradi. Lekin rostini aytsam, qilgan ishimdan afsuslanmayman, bu voqea meni yanada kuchliroq qildi, oilamizni jipslashtirdi.
Xudoga shukrki, o‘sha mudhish kundan keyin ishlar yaxshi tomonga ketdi. Rafiqam butun dunyoga boshimizdan o‘tganlarni oshkor qilgach, ko‘p narsa o‘zgardi. Jamoadoshlarim va madridistlar meni quvvatlaganini hech qachon unutmayman. Tasavvur qiling, men to‘pni o‘tkazib yuboraman, butun stadion esa, ismimni aytib olqishlardi. Talab doim yuqori bo‘ladigan «Bernabeu» uchun bu kichik mo‘jiza. Nimayam deya olardim. Faqat minnatdorchilik bildiraman.
Bir yarim oylik qiyinchiliklardan so‘ng, yaxshi xabarlar bizni kutib turardi. Navbatdagi tekshiruvdan so‘ng, homila yaxshi rivojlanayotganini aytishdi. Tabiiyki, oxirgi kungacha xavotirli bo‘ldi, bolani qo‘limizga olguncha xotirjam bo‘lish qiyin. Xayriyat, iyun oyida Bautista dunyoga keldi. Sog‘lom va baxtli. Bizning mo‘jizamiz.
Bilasizmi... Men futbolda ham, hayotda ham o‘zim bilan kelisha olmayman. Qachondir nimadandir qoniqqanimni eslolmayman. Hech qachon muvaffaqiyatga erishganimga, biror narsani mukammal qilganimga o‘zimni ishontira olmayman. Ammo kasalxonadagi o‘sha tongda, rafiqam qo‘lida Bautistani ushlab turganida xayolimdan kechdi: Fede, qara ularga. Bu o‘sha.
Sen yutding...
Fede Valverde
ThePlayersTribune uchun
Mavzuga oid
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:23 / 15.12.2024
«Liverpul» ochko yo‘qotdi, «Real» uchta gol o‘tkazdi. Kun o‘yinlari
10:10 / 11.12.2024
Mbappe gol urdi va jarohat oldi, ammo «Real» bir amalladi. YeChLda kun o‘yinlari
12:04 / 08.12.2024