12:12 / 27.03.2024
5107

AQSh va Janubiy Koreya KXDRga neft yetkazib berilishini bloklamoqchi

Vashington va Seul BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalarini buzuvchi KXDRga neft yetkazib berilishi jarayonini qanday bloklashni muhokama qilmoqda.

Foto: REUTERS/Alexey Malgavko

AQSh va Janubiy Koreya yangi ishchi guruh tuzdi, uning maqsadi Shimoliy Koreyaning BMT sanksiyalarini chetlab o‘tib neft olishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. 27 mart kuni Vashingtonda Kengaytirilgan maqsadli guruh (EDTF)ning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Reuters.

«Neft Shimoliy Koreyaning yadroviy va raketa ishlanmalari hamda harbiy qudrati uchun muhim manbadir», — deyiladi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Shu munosabat bilan Seul va Vashington Rossiya neftining KXDRga yetkazilishi ehtimolidan xavotir bildirdi. 

Diplomatiya, razvedka, sanksiyalar va dengiz ta’minoti uchun mas’ul vazirlik va idoralarning 30 dan ortiq rasmiy vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi noqonuniy hamkorlikni tugatish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ikkilamchi sanksiyalar, shuningdek, xususiy sektor va uchinchi shaxslarni nazoratga jalb qilish ehtimoliy choralar sifatida ko‘rib chiqilyapti. 

KXDRga Rossiyadan neft yetkazib berilayotgan bo‘lishi mumkin 

BMT Xavfsizlik kengashining Shimoliy Koreya yadro qurollari va raketa dasturlari bo‘yicha sanksiyalariga ko‘ra, mamlakatga yiliga atigi 4 million barrel xom neft va 500 ming barrel qayta ishlangan mahsulotlar importi ruxsat etilgan. 

BMTning sanksiyalarni nazorat qiluvchi guruhi shu oyda Shimoliy Koreya bayrog‘i ostidagi tankerlar o‘tgan yilning 1 yanvaridan 15 sentabrigacha 1,5 million barreldan ortiq neft mahsulotlarini yetkazib bergan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tijorat tasvirlari Shimoliy Koreyaning neft tankerlari, jumladan, sanksiya ostidagi ba’zi kemalar so‘nggi haftalarda Rossiya portlariga kirib borganini ko‘rsatadi. 

Shimoliy Koreya, g‘arb razvedkalari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyani qurol va o‘q-dorilar bilan ta’minlayapti. Moskva va Pxenyan bu da’volarni rad etadi. 

 

Mavzuga oid
Top