Jahon | 17:25 / 07.01.2025
1690
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR gipertovushli ballistik raketa sinovi muvaffaqiyatli o‘tganini e’lon qildi

Pxenyan yaqinidagi poligondan uchirilgan raketa jangovar kallagi tovushdan 12 barobar tezroq uchib, 1500 kilometr masofani bosib o‘tgan.

Foto: AP

KXDR Raketasozlik bosh boshqarmasi 6 yanvar kuni o‘rta va uzoq masofaga mo‘ljallangan yangi gipertovushli ballistik raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Pxenyan yaqinidagi poligondan uchirilgan raketa jangovar kallagi tovushdan 12 barobar tezroq harakatlanib, 1500 kilometr masofani bosib o‘tgan va ochiq suvlardagi belgilangan nishonga aniq urilgan.

Sinovni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In kuzatib borgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi raketa «har qanday zich havo hujumidan mudofaa tizimini yorib o‘tib, dushmanga kuchli harbiy zarbani amalga oshirishga qodir». Kim Chen Inning qo‘shimcha qilishicha, raketa hujum harakatlarini amalga oshirish maqsadida emas, balki KXDRning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi dushmanlarini tutib turish uchun ishlab chiqilgan.

Avvalroq KXDR raketa sinovini o‘tkazgani to‘g‘risida Janubiy Koreya razvedkasi xabar bergandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ballistik raketa qariyb 1100 kilometr uchib, Yapon dengiziga qulagan. Janubiy koreyalik harbiylar KXDR yangi turdagi raketani yaratishda Rossiyadan texnologik yordam olgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti.

Yonhap agentligining yozishicha, Shimoliy Koreya ilk bor gipertovushli jangovar kallakka ega raketa sinovini 2021 yil sentabrda amalga oshirgan, ammo u omadsiz deya baholangan. Oxirgi marotaba KXDR 2024 yil aprelda o‘rta masofaga mo‘ljallangan gipertovushli raketa sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid