07:40 / 04.04.2024
3931

Xarkivda dronlarning takroriy zarbasi oqibatida qutqaruvchilar halok bo‘ldi

Qutqaruvchilar birinchi hujum sodir bo‘lgan hududda ishlayotgan paytda Rossiya Xarkivga yana zarba berdi. Otishma oqibatlarini bartaraf etish uchun kelgan FVVning 3 nafar xodimi halok bo‘ldi. 

Foto: Andrii Marienko/AP/picture alliance

Rossiyaning 4 aprel, payshanbaga o‘tar kechasi Xarkivga bergan zarbalari natijasida besh nafar tinch aholi halok bo‘ldi. Bu haqda shahar meri Igor Terexov va Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleg Sinegubovning Telegram’dagi xabarlarida aytilgan.

«Xarkivning aholi zich joylashgan hududidagi turar joy binolariga qayta hujumi natijasida voqea joyida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, besh nafar yarador bor», deb yozadi Terexov. Shaharning xususiy sektor zarar ko‘rgan boshqa hududida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yana bir kishi halok bo‘lgan. 

Merning qo‘shimcha qilishicha, Xarkiv ayrim hududlarida elektr energiyasi uzilishi mumkin. Barcha favqulodda vaziyatlar va davlat xizmatlari, shuningdek, ko‘ngillilar voqea joyida ishlayapti. 

Takroriy zarba va qutqaruvchilarning o‘limi 

Xarkiv rasmiylarining ta’kidlashicha, Rossiya birinchi hujum sodir bo‘lgan hududda favqulodda xizmatlar ishlayotgan vaqtda shaharga ikkinchi zarbani bergan. Terexov so‘zlariga ko‘ra, turar joy binolarining o‘qqa tutilishi oqibatlarini bartaraf etish uchun kelgan uch nafar qutqaruvchi halok bo‘lgan. Shuningdek, takroriy hujum chog‘ida Favqulodda vaziyatlar xizmatining bir xodimi tan jarohati olgan va texnikaga zarar yetkazilgan. 

To‘rtinchi qurbon, Oleg Sinegubovning xabarlariga ko‘ra, ayol kishi. Harbiy ma’muriyat rahbarining ma’lum qilishicha, Rossiya hujumlaridan keyin uch kishi tibbiy muassasalarga yotqizilgan, yaradorlardan biri og‘ir ahvolda. 

1 aprel kuni Igor Terexov Ukrainaning Liga.net internet-nashriga bergan intervyusida Rossiya shu vaqtga kelib Xarkivning deyarli butun energetika infratuzilmasini vayron qilganini aytdi. 

Mavzuga oid
Top