O‘zbekiston | 22:05 / 08.04.2024
10081
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi Kibersport arenasida yoshlar bilan uchrashdi 

Davlat rahbari kibersport, shaxmat, «Zakovat» intellektual o‘yinlari, basketbol musobaqalarini kuzatdi, yoshlar bilan muloqot qildi. 

Arenada 1 ming 200 tomoshabinga mo‘ljallangan asosiy zal, 12 ta o‘quv va mashg‘ulot xonalari, majlislar zali, 35 o‘rinli yotoqxona hamda kafeteriy mavjud. 

Arena universal bo‘lib, boks, kurash, basketbol, stol tennisi, shaxmat, shashka bo‘yicha xalqaro musobaqalarni, «Besh tashabbus» tadbirlarini o‘tkazish ham mumkin. Majmua tarkibidagi IT akademiyasida yoshlarga kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, grafik dizayn, dasturlash, robototexnika va boshqa yo‘nalishlar o‘qitiladi. Bu sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» tizimini amalga oshirish rejalashtirilgan. 

Davlat rahbari bu yerda kibersport, shaxmat, «Zakovat» intellektual o‘yinlari, basketbol musobaqalarini kuzatdi, yoshlar bilan muloqot qildi. 

- Bugun Jizzaxning ko‘p joylarida bo‘ldik, yangi loyihalarni boshladik. Albatta, viloyatning iqtisodiyoti, bunyodkorlik ko‘lami avvalgidan ancha yuqori. Lekin eng muhim yutuq - yoshlarimizning harakati, niyati, o‘ziga ishonchi. Biz belgilab olgan Strategiyani, katta marralarni shunday yoshlar bilan amalga oshiramiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Tashrif davomida mutasaddilar arena faoliyatiga doir rejalar xususida so‘zlab berdi. Xususan, jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun turli darajadagi turnir g‘oliblari bilan do‘stlik musobaqalari o‘tkaziladi. 

Har bir yo‘nalish bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni professional sportga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid