13:23 / 09.04.2024
30968

Deputatlar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga oid qonunni qabul qildi

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishni nazarda tutuvchi qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Senat tasdig‘iga yuboriladigan mazkur qonun qariyb 4 mln fuqarolarga bevosita daxldor ekani aytilgan.

Foto: Kun.uz

Bugun, 9 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Rasmiy relizda aytilishicha, mazkur qonun fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtilishi uchun huquqiy asoslar yaratilishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan moddama-modda muhokama qilindi va uchinchi o‘qishda qabul qilingan.

Qonunchilik palatasining avvalgi majlisida axborot bergan Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov bu qonun 3,8 milliondan ortiq fuqaroning 493 ming gektarga teng yer uchastkalari taqdirini belgilab berishini aytgandi.

Oliy Majlis Senatining shu yil 30 mart kuni bo‘lib o‘tgan ellik birinchi yalpi majlisida ushbu qonunni qabul qilish zarurati hamda uning qaysi bosqichda ekani muhokama qilingan, mas’ullarga jarayonni tezlashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgandi.

 

Top