18:49 / 12.05.2024
5169

So‘z erkinligi: vazminlik va professionallik zarurati

So‘z erkinligi masalasida qat’iy siyosiy iroda mavjudligi bot-bot takrorlanar ekan, endi bu erkinlikni parvarishlash uchun davlat, jamiyat va OAVdan vazminlik, siyosiy madaniyat va huquqiy malaka talab etiladi. Jurnalistlar o‘z faoliyatiga erkinlikni saqlash va kengaytirish motivi bilan yondashishi zarur, toki bugungi erkinlik ertangi erksizlikka sabab bo‘lmasligi kerak.

O‘zbekiston “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining matbuot erkinligi reytingida 11 pog‘onaga pastlab, 148-o‘ringa tushdi. Xo‘sh, nega O‘zbekistonda so‘z erkinligi darajasi pasaydi degan o‘rinli savol paydo bo‘ladi. Mening nazarimda, buning uchta asosiy sababi bor.

Birinchisi, oldingi yilda bo‘lib o‘tgan “Kompromatuzb” ishi, qamalgan ba’zi blogerlar. Bir tomondan, media sohasiga endi kirib kelgan ko‘plab blogerlarda huquqiy fikrlash, “qonun doirasidan chiqib ketmasligim kerak” degan qarash nisbatan zaif. Blogerlar, jurnalistlar bilib-bilmay huquqiy doiradan chiqib ketgan bo‘lishlari, xato va jinoyatlar qilib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Lekin ayni paytda O‘zbekistonda hali OAV va blogerlarni muttasil ogohlantirish tizimi ham mavjud emas. Xorijiy huquqiy davlatlarda jurnalist va blogerlarni ogohlantirish tizimlari yaxshi ishlaydi. Qolaversa, blogerlar va jurnalistlarning ijtimoiy himoyasi ham yuqori. O‘zbekistonda esa jurnalistlar va blogerlarni birdaniga uzoq yillarga qamash holatlari kuzatildi (ayni paytda, ular muddatidan oldin ozodlikka chiqarilgan holatlar ham bor).

Reytingdagi pastlashga ta’sir qilgan ikkinchi vaziyat, menimcha, bu – 2022 yilda Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan holatlar. Bu borada aytish kerakki, O‘zbekiston xalqi, millati va davlati o‘zining hududiy yaxlitligini yuqori qadrlashi kerak va qadrlaydi ham. Har qanday ichki yoki tashqi inqirozlar, muammolar ijtimoiy-siyosiy kayfiyatga salbiy ta’sir qiladi. Erkinliklar – bo‘hronlar ustida o‘smaydi, shakllanmaydi. Aksincha, bo‘hronlar va inqirozlar – erkinlikni yemiruvchi omillar hisoblanadi. Zo‘riqishlar va to‘qnashuvlar – erkinlikning eng katta kushandasi hisoblanadi.

Uchinchi muammo – bu hukumat va OAVdagi inersiya holati. O‘zbekistonning so‘z erkinligi borasidagi tajribasi deyarli yo‘q. 2016 yilga qadar O‘zbekiston so‘z va fikr erkinligi – barqarorlikka eng katta tahdid degan qarashda edi. Xavfsizlik va barqarorlikni kuch bilan, bosimlar bilan ta’minlash – odatiy holat edi. Shuning uchun ham OAV, jurnalistlar uchun muammolarni gapirish haliga qadar psixologik zo‘riqish chaqiradi.

“So‘z erkinligi – siyosiy irodaga bog‘liq” degan qarash ancha keng tarqalgan. Aslida, masala ancha katta. So‘z erkinligini ta’minlash uchun siyosiy irodadan tashqari kolossal resurslar kerak bo‘ladi. Buning uchta komponenti bor.

Birinchi komponent – OAVning malakasi, siyosiy madaniyati. Nashrlar o‘z faoliyatida erkinlikni saqlash va kengaytirish motivi bilan ishlashi kerak. Bugungi erkinlik ertangi erksizlikka sabab bo‘lmasligi lozim.

Ikkinchi komponent, jamiyat ham o‘z siyosiy madaniyati bilan, o‘z muammolarini vazmin va malakali kanallashtirishni yo‘lga qo‘ya olishi zarur.

Va uchinchisi – davlat xalqni, odamlarni eshitish, tez va sifatli yechim bera olish darajasida bo‘lishi kerak. Bularning barchasi – jarayonda shakllanadi. Bularning barchasi tomonlardan o‘sishni, o‘z ustida ishlashni, yuqori malaka va vazminlikni talab qiladi.

O‘zbekistonda 2016 yilga qadar jamiyatning muammolari faqat bostirildi. Davlatning jamiyatni eshitish va ularga yechim izlash borasidagi tajribasi shakllanmadi. Shuning uchun ham, O‘zbekistonda boshlangan so‘z erkinligi va OAV faolligi davrida kolossal tafovut bor edi: davlatning jamiyat bilan ishlash malakasi ancha zaif va jamiyatning davlatga bo‘lgan ishonchsizligi, demakki, davlat bilan muloqot qilish darajasi ham ancha past edi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat bir tekis bo‘lmasa-da, ba’zan chekinishlar bo‘lsa-da, davlat rahbari va davlatchilik so‘z erkinligini, axborot suverenitetini qadriyat sifatida tan oldi, O‘zbekistondagi so‘z va axborot erkinligi va tashabbuskorligini mudofaa va xavfsizlik masalasi deb baholadi.

O‘tgan yili O‘zbekiston kabel kanallariga ko‘plab xorijiy kanallar qo‘shildi. Bu bilan RFning axborot bosimiga biroz bo‘lsa-da, muvozanat shakllantirildi. Keyingi haftalar va oylarda esa telekanallarda tok-shoularga alohida urg‘u berilmoqda. To‘g‘ri, hozircha ushbu tok-shoulardagi ekspertlar soni ko‘p emas. Hattoki, ekspertlarimizning bahslashuv madaniyati, muammolarni tahlil qilish malakasi jamiyat istagan darajada emas. Lekin jarayon boshlangan. Muz qolipdan ko‘chgan.

Prezident ochiqlik siyosatida ortga qaytish bo‘lmasligi haqida takror-takror aytayotgani bejiz emas, chunki O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligi, tashabbusi pasayishi – eng avvalo, davlatni, hukumatni, prezidentni zaiflashtiradi. So‘z erkinligi oshib borishi esa butun bir davlat institutlari va mulozimlari, OAV va jamiyatning muvozanatli, vazmin va erkin muloqot qilish madaniyatini nazarda tutadi. Va bu jarayon – shakllanmoqda.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzu
Rabbimov fikri
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi mualliflik kolonkasi
Barchasi
Top