21:06 / 24.05.2024
33164

Eronda prezident vertolyoti halokati bo‘yicha dastlabki hisobot e’lon qilindi

Halokatga uchragan vertolyot bo‘laklarida o‘q izlari yoki shunga o‘xshash talafot aniqlanmadi.

Foto: AP

Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi mamlakat prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot halokati bo‘yicha dastlabki hisobotni e’lon qildi. Bu haqda Eronning IRNA agentligi xabar berdi. 

Hisobotda qayd etilishicha, sodir bo‘lgan voqeaning ayrim tafsilotlarini ko‘rib chiqish uchun «ko‘proq vaqt» kerak. 

Dastlabki tergovda aniqlanishicha, vertolyot mo‘ljallangan marshrut bo‘ylab parvoz qilgan va yo‘nalishini o‘zgartirmagan. Halokatdan taxminan bir yarim daqiqa oldin vertolyot uchuvchisi parvoz guruhidagi boshqa ikkita vertolyot bilan bog‘langan. 

«Halokatga uchragan vertolyot bo‘laklarida o‘q izlari yoki shunga o‘xshash talafot aniqlanmadi», deyiladi xabarda. 

Bosh shtab ma’lumotlariga ko‘ra, vertolyot tog‘ bilan to‘qnashganidan keyin yonib ketgan. Tergov shuni ko‘rsatdiki, dispetcherlar va ekipaj o‘rtasidagi suhbatlarda «shubhali hech narsa sezilmagan». 

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va yana 6 kishi bo‘lgan vertolyot 19 may kuni kechqurun Ozarbayjon chegarasiga yaqin joyda halokatga uchradi. Uning qoldiqlari 20 may kuni ertalab topildi. Halokatda hech kim tirik qolmadi.

Mavzu
Ibrohim Raisiyning halokati
19 may kuni vertolyot halokati oqibatida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vafot etdi. U 2021 yilda davlat rahbari lavozimiga saylangandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top