22:27 / 12.06.2024
4635

12 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Orol tubiga tuproqni mustahkamlovchi yangi o‘simlik ekilmoqda, Qurbon hayitida Toshkent metrosi erta tongdan boshlab 7 soat tekin xizmat ko‘rsatadi, uy-joy bozorida narxlarning ijobiy o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda.

Orol tubi o‘rmonlashtiriladi

Orol dengizining qurigan tubi hududida qariyb 600 ming gektarlik maydonda o‘rmonzorlar barpo etish maqsadida birinchi marta noyob o‘simlik Arundo donax tajriba maydonida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, keyingi 1-2 yil ichida Orolning barcha hududlarida Arundo donax o‘simliklari ekiladi. Chunki bu o‘simlikning ildiz so‘rg‘ichlari tez unib chiqadi.

Hozir ekilgan o‘simliklar 1 oylik. Ular qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgani uchun og‘ir cho‘l sharoitida ham 4 metrgacha o‘sa oladi. Uning ekish texnologiyasi noyobligi shundaki, ekish jarayonida ko‘chatlar o‘rniga ildiz kurtaklari o‘tqaziladi.

Ushbu o‘simlik tuzli shamollarning oldini oladi, uning poyasidan qurilish, to‘qimachilikda foydalaniladi, shuningdek, uni yem-xashak sifatida ham ishlatish mumkin. 

Transport yangiliklari

Toshkent metropoliteni 16 iyun — Qurbon hayiti kuni ikki soat vaqtliroq ish boshlaydi. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida, odatdagidan ikki soat oldin, ya’ni tonggi soat 03:00 dan ish faoliyatini boshlaydi.

Bundan tashqari, Qurbon hayiti kunida Toshkent metropoliteni soat 03:00 dan 10:00 ga qadar yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatadi.

Dam olish kunlari mahalliy yo‘nalishlarda qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi esa Qurbon hayiti munosabati 15 iyundan 18 iyungacha Toshkentdan mahalliy yo‘nalishlarga qo‘shimcha aviaqatnovlarni bajarishini e’lon qildi.

Qo‘shimcha aviaqatnovlar Namanganga 15 iyun kuni, Buxoroga 15, 17, 18 iyun kunlari, Termizga 15, 16, 17, 18 iyun kunlari, Samarqandga 16 iyun kuni, Urganchga 16 va 18 iyun kunlari, Farg‘onaga 17 iyun kuni amalga oshiriladi.

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» xabariga ko‘ra, 1 iyuldan ayrim poyezdlar chipta narxi oshadi. Mahalliy yo‘nalishlardagi «Nasaf», «Sharq», «O‘zbekiston» poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 25 foizga oshadi.

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» xabarida narxlar oshirilishi yo‘lovchi poyezdlarda qo‘shimcha servis xizmatlarini joriy etish, ularni yanada rivojlantirish, yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, modernizatsiya qilish, yangi elektropoyezdlarni xarid qilish, vokzallarni zamon talablariga moslashtirish bilan izohlangan.

Masalan, Toshkent–Qarshi yo‘nalishi avvalgi narxlari ekonom klassda — 150 600 so‘m, biznes klassda 218 244 so‘m bo‘lsa, yangi narxda ekonom klass — 178 250, biznes klass — 262 805 so‘mni tashkil qiladi. 

Uy-joy bozorida sotuvlar oshmoqda

O‘zbekistonda uy-joy ko‘chmas mulk bozori ketma-ket ikkinchi oy ijobiy o‘sish dinamikasini namoyish etmoqda. Aprel oyida sotuvlar 11 foizga, may oyida esa 9 foizga oshgan. Biroz sekinlashuvga qaramay, ijobiy tendensiya davom etishi ushbu segmentdagi iste’molchilar faolligi barqaror jonlanayotganidan dalolat beradi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilning may oyiga nisbatan uy-joy bozoridagi faollik 15,2 foizga kamaydi. Ikki oylik o‘sishga qaramay, joriy faollik darajasi hali ham bir yil oldingi darajadan past bo‘lib qolmoqda, bu esa talabni cheklovchi doimiy omillarni ko‘rsatmoqda.

Hududiy ma’lumotlarga ko‘ra, uy-joy savdosining eng katta o‘sishi Samarqand viloyatida – qariyb 21 foizga, Andijon va Namangan viloyatlarida mos ravishda 19,3 va 15 foizga oshgani kuzatilgan.

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari may oyida 1,3 foizga, yillik hisobda esa 10,3 foizga oshdi, bu inflatsiya ko‘rsatkichlariga yaqinroq.

Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi qayd etilgan hududlar Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari bo‘lib, ularda narxlar o‘rtacha 18,7 foizga oshgan. 

Tadbirkorlar reytingi e’lon qilindi

2023 yil 18 avgustda prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvidan keyin tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingini joriy qilish yo‘lga qo‘yilgan edi.

Savdo-sanoat palatasiga ko‘ra, reyting joriy etilgandan so‘ng tadbirkorlar sonida sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.

“Mazkur tartib joriy qilingunga qadar reytingning yuqori "AAA", "AA" va "A" ko‘rsatkichlariga mansub tadbirkorlar soni 727 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 4 398 nafarga yetgan. O‘rta "BBB", "BB" va "B" reytingiga ega tadbirkorlar soni esa 36 853 dan 87 922 taga oshgan.

Reytingning qo‘shimcha rag‘batlaridan foydalangan holda, tadbirkorlar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratilishi natijasida rasmiy band bo‘lgan fuqarolar soni 5 351 mingdan 5 586 ming nafarga yetdi.

Sanoat, qurilish va savdo sohalarida ishchi xizmatchilarning o‘rtacha ish haqi miqdori ham oshgan. Masalan, sanoat sohasida ish haqi 1,5 barobar, qurilishda 1,3 barobar va savdoda 1,4 barobar oshgan. 

Top