Orol dengizining qurigan tubi hududida qariyb 600 ming gektarlik maydonda o‘rmonzorlar barpo etish maqsadida birinchi marta noyob o‘simlik Arundo donax tajriba maydonida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Ekish ishlari O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti professori Zinoviy Novitskiy boshchiligida olib borilmoqda.

Hozirda o‘simliklar 1 oylik. Ular qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lganligi bois og‘ir cho‘l sharoitida ham 4 metrgacha o‘sa oladi. Uning ekish texnologiyasi noyobligi shundaki, ekish jarayonida ko‘chatlar o‘rniga ildiz kurtaklari o‘tqaziladi.

1-2 yil ichida Orolning barcha hududlarida Arundo donax o‘simliklari ekiladi, chunki ildiz so‘rg‘ichlari tez unib chiqadi. Ushbu o‘simlik tuzli shamollarning oldini oladi, uning poyasidan qurilish, to‘qimachilikda foydalaniladi, shuningdek, uni yem-xashak sifatida ham ishlatish mumkin.