Saidaziz “medgorodok”ga nisbatan yana bir sud boshlandi
Mazkur ish ham uyushgan guruh bo‘lib tovlamachilik sodir etish va juda ko‘p miqdordagi firibgarlik bilan bog‘liq. Mulkini tortib olish maqsadida jabrlanuvchini 6-qavatdan uloqtirib yuborish bilan qo‘rqitib sodir etilgan jinoyatning asosiy ishtirokchilaridan biriga garov ehtiyot chorasi tanlangan. U ayni paytda mamlakatdan tashqarida.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida 14 iyun kuni Saidaziz Saidaliyevga qarshi yana bir sud ishi boshlandi. Unda sudlanuvchilar 3 kishi. Sud ishi doirasida Saidaziz Saidaliyev Jinoyat kodeksining 165-modda 3-qismi a-bandi, v-bandi (Tovlamachilik), Sobirjon Isomuhammedov 165-modda 3-qismi a-bandi, v-bandi (Tovlamachilik), 168-modda 3-qismi a-bandi, b-bandi (Firibgarlik), 168-modda 3-qismi a-bandi (Firibgarlik) hamda Mirsolix Mirxo‘jayev 165-modda 3-qismi a-bandi, v-bandi (Tovlamachilik) bilan ayblanmoqda. Bu haqida sud majlislari onlayn jadvalida ma’lumot keltirilgan.
Kun.uz’da mavjud hujjatlarda keltirilishicha, jinoyat ishida asosiy figurantlardan biri bo‘lgan Sobirjon Isomuhammedov 2022 yilning avgust oylarida tanishi, 1997 yilda tug‘ilgan Rixsiddin Toxirovga Toshkent shahar, Bektemir tumani, Majnuntol mahallasi hududida joylashgan 4 gektar yer maydoni uy-joy qurilishi uchun ajratilganligini va bu yerda namunali turar-joy kompleksi qurilishini ta’kidlab, uning 4,5 sotixini 15,5 ming AQSh dollariga sotishini aytgan. Aslida bu yer maydoni “Biocell” MChJga 2021 yilda zamonaviy yengil konstruksiyali issiqxona qurilishi uchun 49 yil muddatga ijara asosida ajratilgan bo‘lgan. Isomuhammedov 2022 yil avgust oyi oxirlarida Toxirovning 15,5 ming dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Bundan tashqari, u ayni shu usul orqali tanishi, 1978 yilda tug‘ilgan Nodir Tolipovning ham 15,5 ming AQSh dollarini ham qo‘lga kiritgan.
Sobirjon Isomuhammedov 2022 yil 2 oktyabr kuni “Everest Impex Ples” MChJ ta’sischilaridan biri Murod To‘xtayev bilan o‘rtalaridagi mulkiy nizoni hal qilish uchun Saidaziz Saidaliyev, Ravshanjon Alimov hamda Mirsolix Mirxo‘jayev bilan bir guruhga birlashgan. Ular Murod To‘xtayevni Mirobod tumani, Yakkachinor ko‘chasidagi biznes markazning 6-qavatida joylashgan ofisga chaqirtirib, MChJdagi 50 foizlik ulushni ularning foydasiga voz kechishini talab etishgan. Agarda voz kechmagan taqdirda jismoniy kuch ishlatish, mulklarini nobud qilish va ofisning 6-qavatidan uloqtirib yuborish bilan tahdid qilishgan.
Bu ishda Saidaziz Saidaliyev va Mirsolix Mirxo‘jayevlarga ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan. Ammo ular bilan aynan o‘xshash moddalarda aybalanayotgan Sobirjon Isomuhammedovga nisbatan esa garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. Sobirjon Isomuhammedov 14 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida ishtirok etmagan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, u ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi va u yerda Haj ziyoratini ado etmoqda.
Ma’lumot uchun, Jinoyat protsessual kodeksining 46-moddasiga (ayblanuvchining majburiyatlari) ko‘ra ayblanuvchi sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi, sud muhokamasida ishtirok etishdan bosh tortmasligi, o‘ziga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasidan kelib chiqadigan talablarni bajarishi shart.
Jinoyat protsessual kodeksining 249-moddasiga ko‘ra sudlanuvchi o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini buzgan taqdirda garov sud ajrimi bilan davlat mulkiga o‘tkaziladi va nisbatan jiddiyroq ehtiyot chorasi qo‘llaniladi.
Mavzuga oid
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024
Moskvadagi harbiy sud terrorizm bo‘yicha deyarli barcha ishlarni yashirdi
11:41 / 07.12.2024