O‘zbekiston | 11:41 / 07.12.2024
38882
3 daqiqa o‘qiladi

“To‘pponcha o‘qtalib, otib tashlayman dedi” – “Saidaziz medgorodok”ka yana bir “delo” bo‘yicha hukm o‘qilgani ma’lum bo‘ldi

Sud Saidaziz Saidaliyev va Ilhom Sotvoldiyevni Baxtiyor Kolonovga nisbatan tovlamachilik jinoyatini sodir qilgan deb topdi. Hukmga ko‘ra, “Saidaziz medgorodok” va uning jinoiy sherigi tadbirkorga 700 ming AQSh dollari bermasa o‘ldirib yuborish bilan tahdid qilgan.

Foto: Oliy sud

Saidaziz Saidaliyevga tovlamachilik jinoyati bo‘yicha yana bir hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining shu yil 29 oktyabrdagi hukmida keltirilishicha, Saidaziz Saidaliyev Ilhom Sotvoldiyev va tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan boshqa shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, 2023 yil yanvar oyining boshlarida Yashnobod tumani, Nodira mahallasidagi uylardan biriga borib, Baxtiyor Kolonovga go‘yoki tadbirkorlikdagi sobiq sherigidan 700 ming AQSh dollari miqdorida qarzdor ekanligini aytishgan.

Tadbirkor ularga qarshilik ko‘rsatganida “Saidazim medgorodok” va sherigi qurol sifatida pichoq hamda to‘pponchadan foydalanib, tahdid qilishgan. Ular tadbirkorga agar 700 ming AQSh dollarini bermasa sog‘lig‘iga, oilasiga jiddiy zarar yetkazib, o‘zini otib tashlashni aytishgan.

Sul majlisida Saidaziz Saidaliyev va Ilhom Sotvoldiyev tovlamachilik qilmaganini aytib, aybiga iqror bo‘lmagan hamda adolatli hukm chiqarishni so‘ragan.

Jabrlanuvchilar Baxtiyor Kolonov hamda Doston Begimqulov esa o‘z ko‘rsatmalarida sudlanuvchilar pichoq va to‘pponcha bilan tahdid qilishganini, otib tashlash bilan qo‘rqitishganini bildirishgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Saidaziz Saidaliyev Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni (juda ko‘p miqdorda hamda uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan tovlamachilik) sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024 yil 5 avgustdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talgan qismini qisman qo‘shgan holda uzil-kesil 20 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ilhom Sotvoldiyev ham Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan aybli deb topilgan. U jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024 yil 5 avgustdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talgan qismi qisman qo‘shilgan holda uzil-kesil 5 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Eslatib etamiz, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024 yil 5 avgustdagi hukmi bilan Saidaziz Saidaliyev 20 yilga, Ilhom Sotvoldiyev 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Mazkur sud hukmi bilan yana 22 kishi turli muddatlarga qamalgan. Sudlanganlardan ikkitasiga axloq tuzatish ishlari, uchtasiga ozodlikni cheklash bilan bog‘liq jazo tayinlangandi. Bir kishi esa sodir etilgan jinoyatning javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani sababli jazodan ozod etilgan edi.

Apellyatsiya sudi esa Saidaziz Saidaliyev va boshqalarga nisbatan birinchi instansiya sudi hukmini o‘z kuchida qoldirdi

Mavzuga oid