15:20 / 19.06.2024
10245

Yevro-2024: Xorvatiyaning xato qilishga haqqi yo‘q, bir guruhda pley-off ishtirokchilari aniq bo‘lishi mumkin

19 iyun kuni guruh bosqichida 2-tur uchrashuvlari boshlanadi.

Foto: Reuters

Xorvatiya — Albaniya: xato qilish huquqisiz (18:00 / Zo'rTV)

Zlatko Dalich jamoasi birinchi turda Ispaniyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘lib (0:3), o‘z muxlislari ishonchini oqlay olmadi. Mag‘lubiyat sababini yaqqol ifodalovchi manzara ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Modrich va Kovachich almashtirilgani bo‘ldi. Xorvatiya milliy jamoasi yetakchilari shunchaki charchab qolishgandi. Shundan keyin ko‘pchilik yana jamoada avlodlar almashinuvida kechikishgani haqida gapira boshlashdi.

Albaniya bilan o‘yin — futbolchilar uchun muxlislar ko‘z o‘ngida aybini yuvish uchun imkoniyat. Turnirning hozirgi formulasida guruhdan uchinchi o‘rin bilan ham chiqish mumkin, shunday ekan, hali Xorvatiya uchun hech narsa yo‘qotilgani yo‘q.

Italiyaga munosib qarshilik ko‘rsatgan albanlar umuman oson raqib emas. Uchinchi turda ular Ispaniya milliy jamoasiga qarshi o‘ynashi hisobga olinsa, Silvinio aynan xorvatlar bilan qarama-qarshilikda maksimum ochko olishga harakat qilishi tayin.

Bu to‘qnashuv shiddatli kechishi kutilmoqda. Agar pley-offga chiqishni istasa, Xorvatiyaning boshqa xato qilishga haqqi yo‘q. Albaniya ham turnirni erta tark etishni istamaydi.

Germaniya — Vengriya: nemislar bugunoq pley-off yo‘llanmasini hal qiladimi? (21:00 / Zo'rTV)

«Bundestim» ishonchli start olib, Myunxendagi ochilish o‘yinida Shotlandiyani yanchib tashlagandi. Yosh Virs va Musiala o‘zlarini a’lo darajada ko‘rsatishgan, jamoa faxriysi Toni Kroos grossmeysterlarcha harakat qilib, maydon markazida hukmronlik qilgandi. Yulian Nagelsmann shogirdlari bu safargi Yevroda ular bilan barcha hisoblashishi lozimligini ko‘rsatishgandi. Vengriya ustidan g‘alaba bu muvaffaqiyatni mustahkamlaydi va Germaniyaga pley-off yo‘llanmasini kafolatlaydi.

Vengrlar Shveytsariyaga qarshi kechgan birinchi o‘yinida raqibga haddan tashqari ko‘p sovg‘a qilishgandi, nemislar bilan ham shunday o‘ynalsa, bu halokatga teng bo‘ladi. Lekin ikkinchi bo‘limning ayrim vaqt oraliqlarida Marko Rossi jamoasi yomon ko‘rinmagandi. Agar shunday pallalarda vaziyatlardan foydalanilsa, syurpriz kutish ham mumkin.

Ularda boshqa variant ham yo‘q, mag‘lubiyat jamoa uchun uchinchi turni quruq rasmiyatchilikka aylantirishi mumkin. Vengrlar uchun durang ham yomon natija bo‘lmaydi, bu holda ular uchinchi turda Shotlandiya ustidan g‘alaba qozonsa, guruhdan chiqishi mumkin.

«Biz Germaniyaga jang taklif qilib, kamida bir ochko uchun kurashmoqchimiz», — degan jamoa yarimhimoyachisi Andrash Shefer.

Shotlandiya — Shveytsariya: guruhdan chiqishga yana bir qadam qolgan (00:00 / Zo'rTV)

Germaniyadan uchralgan yirik hisobdagi mag‘lubiyat Shotlandiyani havas qilib bo‘lmaydigan holatda qoldirdi. Gap hisobda ham emas, jamoaning o‘yini ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. «Tartan armiyasi» birinchi o‘yinida shu qadar ilojsiz ko‘rindiki, endi ularga umuman hech kim ishonmayapti. Shveytsariyadan ham mag‘lub bo‘linsa, ularning turnirni pley-offda ham davom ettirish uchun imkoniyati qolmaydi.

Murat Yaqin vengrlar bilan uchrashuvda futbol jamoatchiligini hayron qoldirib, odatiy boshlang‘ich tarkibni o‘zgartirishdan cho‘chimasligini namoyish etdi, u ishonch bildirgan Dua va Ebisher esa bittadan gol urishdi. Endi barcha u Shotlandiya milliy jamoasi uchun qanday syurprizlar tayyorlaganini ko‘rishga oshiqmoqda. Guruhdan chiqish uchun yana bir qadam tashlash qolgan va ehtiyotkorlik ham zarar qilmaydi.

Ko‘p narsa murabbiy o‘z shogirdlarini bu uchrashuvga qanday kayfiyatda tayyorlaganiga bog‘liq. Jamoa o‘ziga haddan tashqari ishonib yuborishi ham kerak emas. Jamoa himoyachisi Manuel Akanji ham shunga ishora qildi:

«Biz bu turnirdagi hech bir raqibga past baho bermaymiz. Final bosqichi ishtirokchilari saralashdan o‘tib kelgan. Demak, bu yerda kuchsiz jamoalar yo‘q. Yevroda oson o‘yinlar bo‘lmaydi, shunday ekan, biz o‘yinga jiddiy tayyorlanishimiz darkor».

Nazariy jihatdan A guruhida bugunning o‘zidayoq ko‘p narsa aniq bo‘lishi mumkin. Katta ehtimol bilan syurprizlar ro‘y bermaydi va favoritlar xotirjamlik bilan kutilgan natijaga erishadi.

Mavzu
Yevro-2024
2024 yil 14 iyunidan 14 iyuliga qadar Germaniyaning 10 ta shahrida 17-bor futbol bo‘yicha Yevropa chempionati bo‘lib o‘tadi.
Barchasi
Top