O‘zbekiston | 14:25 / 05.09.2024
6878
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston filarmoniyasi orkestri rahbariga «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni berildi

Qirg‘iziston milliy filarmoniyasi estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori Nur Omurbayevga «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni, Qirg‘izistondagi erkin ijodkor, komuz sozandasi Duyshenbek uulu Zakirbekka «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni berildi.

Nur Omurbayev Foto: tedxmanasast.com

O‘zbekiston prezidenti “Qirg‘iziston Respublikasining madaniyat va san’at sohalari vakillaridan bir guruhiga faxriy unvonlar berish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari hamda strategik sheriklik aloqalarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi katta xizmatlari, o‘zining yorqin va betakror iste’dodi, musiqa va qo‘shiqchilik yo‘nalishidagi sermahsul ijodiy faoliyati bilan madaniyat va san’at sohalarida muloqotni kengaytirish, mushtarak tarixiy meros, ma’naviy qadriyat va an’analarni asrab-avaylash va boyitishga qo‘shgan munosib hissasi, qardosh xalqlar orasidagi birodarlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi ibratli ishlari uchun Qirg‘iziston madaniyat va san’at sohalari vakillaridan bir guruhiga faxriy unvonlar berildi.

Unga ko‘ra: 

T.Satilganov nomidagi Qirg‘iziston milliy filarmoniyasining estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori Omurbayev Nur Santashevich «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoni bilan;
Qirg‘iziston Respublikasidagi erkin ijodkor, komuz sozandasi Duyshenbek uulu Zakirbek «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov esa «Qirg‘iziston faxriy unvonlarini berish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari devoni axborot siyosati bo‘limi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga «Qirg‘iziston xalq artisti» faxriy unvoni berildi. 

Bundan tashqari, «Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvoni bilan Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbekiston milliy musiqa san’ati instituti «An’anaviy maqom ijrochiligi» kafedrasi katta o‘qituvchisi Farangiz Nuriddin qizi Mahmudova taqdirlandi. 

Mavzuga oid