O‘zbekiston | 18:10 / 12.09.2024
7967
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston suzish federatsiyasi mansabdorlari tomonidan 2 mlrd so‘mdan oshiq mablag‘ talon-toroj qilindi

Federatsiya bosh kotibi oila a’zolari va yana 15 kishini federatsiya hisobidan Turkiyaga dam olishga jo‘natgan. Bundan tashqari, homiylar ajratgan pullar ham talon-toroj qilingan.

Foto: Getty Images

Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida O‘zbekiston suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari katta miqdordagi pullarni talon-toroj qilgani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar bermoqda.

Xususan, federatsiya mansabdor shaxslari tomonidan suzish sporti uchun ajratilgan pullar hisobidan terma jamoa a’zosi bo‘lmagan, aslida federatsiya bosh kotibi A.G.ning oila a’zolari N.G., M.G va yana 15 nafar fuqaroni Turkiyaga dam olishga yuborilib, 405 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.

Shuningdek, amalda o‘tilmagan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlar haqida soxta buyruqlar chiqarilib, 458 mln so‘m o‘zlashtirilgan.

Bundan tashqari, federatsiyaga xalqaro musobaqa va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun homiylar tomonidan ajratilgan 1,2 mlrd so‘m maqsadsiz sarflanib, talon-toroj qilingan.

Qayd etilishicha, aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid