Jahon | 14:07 / 14.09.2024
2462
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya shaxmat federatsiyasini FIDEdan chiqarish qarori bekor qilindi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi iyun oyidagi Rossiya shaxmat federatsiyasini ikki yilga o‘z safidan chiqarish haqidagi qarorini bekor qildi. Buning o‘rniga RShF 45 000 yevro jarimaga tortiladi. Ukraina Rossiya Federatsiyasini FIDEdan chiqarishni talab qilgandi.

Foto: AP

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Etika komissiyasining Apellyatsiya palatasi 12 sentabr kuni Rossiya shaxmat federatsiyasi (RShF)ni ikki yilga ushbu tashkilot safidan chiqarish to‘g‘risidagi iyun oyida qabul qilingan qarorni bekor qildi.

Buning o‘rniga RShF 45 ming yevro jarimaga tortiladi. Agar Rossiya shaxmat federatsiyasi bu jarimani 21 kun ichida to‘lamasa, Rossiya bir yilga Xalqaro shaxmat federatsiyasidan chiqarib yuborilishi mumkin. 

FIDE Etika komissiyasi Apellyatsiya palatasining qarori ustidan Lozannadagi (Shveytsariya) Sport arbitraj sudiga shikoyat qilish mumkin.

Ukraina Rossiyani FIDEdan chiqarib yuborishni talab qilgan

Xuddi shu FIDE Etika komissiyasi Ukraina shaxmat federatsiyasi tomonidan berilgan shikoyatdan so‘ng iyun oyida RShFni a’zolikdan vaqtinchalik mahrum etishga qaror qildi. Unda aytilishicha, Rossiya federatsiyasi tarkibiga egallab olingan Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlari hamda Qrim klublari kirgan.

Bundan tashqari, RShF Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishida ishtirok etgani uchun xalqaro sanksiyalar ostidagi shaxslar bilan bog‘liq, deb ta’kidladi shikoyat mualliflari - ukrainalik grossmeyster Andrey Barishpolets va grossmeyster Magnus Karlsenning murabbiyi Xeyne Nilsen.

FIDE prezidenti, Rossiya Federatsiyasi bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Arkadiy Dvorkovich RShF vasiylik kengashidagi ishtiroki uchun hayfsan oldi. Etika komissiyasi uning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «uzoq muddatli» yaqin munosabatlarini qayd etdi. Endi Apellyatsiya palatasi ham Dvorkovichga hayfsanni ham bekor qildi.

Rossiya va Belarus jamoalari qayta tiklanadimi?

2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin Rossiya va Belarus terma jamoalari xalqaro musobaqalarda qatnashishdan vaqtinchalik chetlatildi. Biroq OAV sentabr oyida FIDE bosh assambleyasi Budapeshtdagi yig‘ilishda Rossiya va Belarus terma jamoalarining huquqlarini tiklash masalasini muhokama qilishini xabar bermoqda.

Mavzuga oid