Jahon | 23:25 / 20.09.2024
4478
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh prezidentligiga nomzodlar xavfsizligi kuchaytirilishi mumkin

Shu haqdagi qonun loyihasini 405 deputat yoqladi, hech kim unga qarshi chiqmadi.

Foto: AP

Kongress Vakillar palatasi AQSh prezidentligi va vitse-prezidentligiga nomzodlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni joriy etishga qaratilgan qonun loyihasini bir ovozdan ma’qulladi, deb xabar berdi Interfax.

Loyihani 405 deputat yoqladi, hech kim unga qarshi chiqmadi. Qonun loyihasini ma’qullash uchun deputatlarning 2/3 qismi ovoz berishi kerak edi.

Qonun loyihasi Maxfiy xizmatlar «prezidentlar, vitse-prezidentlar, prezidentlik va vitse-prezidentlikka asosiy nomzodlarni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan xodimlar sonini aniqlashda bir xil standartlarni qo‘llashini» nazarda tutadi.

Endi qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun Senatga yuboriladi.

NBC ma’lumotlariga ko‘ra, Kongressning ikkala palatasi a’zolari, shuningdek, hukumatni moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga nomzodlarni himoya qilish uchun Maxfiy xizmatga qo‘shimcha mablag‘ ajratishni kiritishni ham muhokama qilmoqda.

15 sentabr kuni Floridada prezidentlikka nomzod Donald Tramp bo‘lgan golf klubi yaqinida otishma sodir bo‘ldi. Huquq-tartibot idoralarining uch nafar yuqori martabali xodimiga ko‘ra, Trampga suiqasd uyushtirishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi. Bu 58 yoshli Rayan Uesli Raut bo‘lib chiqdi. Aytilishicha, u avtomat bilan qurollangan va Tramp o‘ynayotgan golf klub yonida bo‘lgan.

Iyul oyida Pensilvaniya shtatida Tramp saylovoldi tashviqoti tadbirida bir kishi o‘t ochib, sobiq prezidentning qulog‘iga jarohat yetkazgan va bir kishini o‘ldirgan edi.

Mavzuga oid