Jahon | 18:07 / 22.12.2024
3889
2 daqiqa o‘qiladi

FT: AQSh Tramp prezidentligining birinchi kunida JSSTdan chiqishini e’lon qilishi mumkin

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp jamoasi mamlakatni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti a’zoligidan chiqarish niyatida. Tramp birinchi prezidentlik muddatida ham AQShni JSSTdan chiqarishga uringan edi.

Foto: Chip Somodevilla/Getty Images

Donald Trampning jamoasi AQShni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) a’zoligidan olib chiqish niyatida. Financial Times’ning yozishicha, Trampning atrofidagilar buni 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan inauguratsiyada e’lon qilishni rejalashtirgan.

Nashr bilan suhbatlashgan ekspertlar AQShning tashkilotdan chiqish rejasini jahon sog‘liqni saqlash tizimi uchun «halokatli» deb atagan. AQSh JSSTning eng yirik donorlaridan biri hisoblanadi; so‘nggi yillarda tashkilotga ajratiladigan mablag‘larning 16 foizga yaqinini aynan Vashington ta’minlagan.

Jo Bayden administratsiyasining koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha sobiq koordinatori Ashish Janing FT’ga ma’lum qilishicha, yangi saylangan prezident jamoasining bir qismi JSSTni Vashington nazorati ostida isloh qilmoqchi bo‘lgan, ammo tashkilot bilan aloqalarni butunlay uzish tarafdorlarining ta’siri kuchliroq bo‘lib chiqqan.

Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida, 2020 yilning yozida AQShning JSSTdan chiqish jarayonini boshlagan edi. O‘shanda u tashkilotni Xitoy manfaatlariga xizmat qilishda va koronavirus tarqalishiga qarshi ishonchli choralarni ko‘rmaganlikda ayblagandi. AQSh rasman 2021 yil iyulda tashkilotni tark etishi kerak edi, ammo Jo Bayden prezidentligining birinchi kunidanoq Trampning qarorini bekor qilgan.

Mavzuga oid