Psixologik yordam ko‘rsatish faoliyatini tartibga soluvchi qonun ma’qullandi
Qonunda psixologik yordam ko‘rsatish standartlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi hamda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbari psixologiya sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerakligi nazarda tutilmoqda.
Senatning yalpi majlisida «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.
Qayd qilinishicha, maktabgacha ta’lim tizimida 2,5 mingdan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 13 mingdan ziyod pedagog-psixologlar faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birga, psixologiya yo‘nalishida maslahat berish, onlayn va oflayn formatda o‘quv, trening, seminarlar o‘tkazish orqali xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati ham keng tarqalgan. Qonun bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari hamda standartlari belgilanmoqda.
Qonunda psixologik yordam ko‘rsatish standartlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi hamda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbari psixologiya sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerakligi nazarda tutilmoqda.
Psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilash, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalarini aniqlashtirish, aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish ko‘zda tutilyapti.
Shuningdek, psixologiya yo‘nalishidan boshqa oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanishdan avval psixologiya mutaxassisligi uchun qayta tayyorlovdan o‘tishi kerakligi belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish yoxud aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha normalar bilan to‘ldiriladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid
14:55
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
21:06 / 16.12.2024