O‘zbekiston | 14:55
1687
2 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Jismoniy shaxslar tomonidan saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxati tasdiqlangan. Endi ularni saqlaganlar jarimaga tortiladi. MJtKga kiritilayotgan normada jarima miqdorlari belgilangan.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilingan.

O‘zAning xabar berishicha, muhokamada hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishda ayrim turdagi yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlashga oid taqiq belgilangan. Uni buzganlarga nisbatan jarima jazosi qo‘llash nazarda tutilgan.

Jumladan, mazkur qonun bilan MJtK yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlaganlik uchun ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.

Xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, bunday holatda jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, shaharlar va boshqa aholi punktlarida hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish, shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish va saqlash choralarini ko‘rmaslik uchun fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solish nazarda tutilmoqda.

Agar shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, qonun bilan jismoniy shaxslar tomonidan saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxati tasdiqlangan.

Mavzuga oid