Rossiya armiyasi Kursk oblastida qo‘ldan chiqargan hududlarining chorak qismini qaytarib oldi
Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya armiyasining qarshi hujumi faollashgani fonida Kursk oblastidagi pozitsiyalarini qo‘ldan boy berishni boshladi.
Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Rossiya armiyasining qarshi hujumi faollashgani fonida Kursk oblastidagi pozitsiyalarini qo‘ldan boy berishni boshladi, deb yozadi (https://www.moscowtimes.ru/2024/10/15/rossiiskaya-armiya-vkurskoi-oblasti-otvoevala-chetvert-poteryannih-territorii-a144921) Newsweek. Nashr frontdagi vaziyatni kuzatib boradigan ochiq manbalardagi ma’lumotlarni tahlil qilib, shunday xulosaga kelgan.
Ukrainaning OSINT loyihasi jangovar harakatlar xaritasini e’lon qilgan, undan ma’lum bo‘ladiki, oktyabr boshidan beri Rossiya qo‘shinlari Kursk oblastida 120 kvadrat kilometr maydonni egallashga muvaffaq bo‘lgan. Jumladan, ularning 65 kvadrat kilometri oxirgi dam olish kunlari qo‘lga kiritilgan. Ayni vaqtda UQK 660 kvadrat kilometrga yaqin maydonni nazorat qilmoqda, yana 360 kvadrat kilometr kulrang zonaga kiradi. Tahlilchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk oblastiga amalga oshirilgan hujumning eng yuqori nuqtasi vaqtida ukrain kuchlari 900 kvadrat kilometr maydonni egallagan.
Rossiyalik harbiylar asosan Korenevskiy rayonida muvaffaqiyatga erishgan. «Ikki mayor» Z-kanalining yozishicha, ular Tolstoy Lug va Novoivanovkani ham egallagan. RF Mudofaa vazirligiga yaqin manbaga ko‘ra, armiya Olgovka, Lyubimovka, Zeleniy Shlyax, Nijniy Klin posyolkalari ustidan nazoratni qaytarib olgan. Bundan tashqari, rus harbiylari Lyubimovka rayonida UQKni qurshab olgan.
DeepState ushbu aholi punktlari, shuningek, Zelyoniy Shlyax va Novoivanovka qo‘ldan chiqqanini tan oldi. Shu bilan birga, yuqorida qayd etilgan qolgan posyolkalar hamon Ukraina nazorati ostida ekani ta’kidlandi. «Hromadske radio» efirida tahlilchi va loyiha asoschilaridan biri Roman Pogoreliy Kursk oblastidagi vaziyatni murakkab deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya u yerga ko‘plab texnikalarga ega 50 mingga yaqin harbiysini yuborgan va hozirda zaxiralarini jangga kiritgan.
Pogoreliyning qo‘shimcha qilishicha, ukrian harbiylariga radioelektron kurash vositalari yetishmayapti. Hozirda eng qaqshatkich janglar egallab olingan hududning g‘arbiy qanotida ketmoqda, ammo sharqiy qismda sezilarli o‘zgarishlar bor. Rossiya armiyasi u yerda Spalnoye va Borki qishloqlarini tortib olgan va UQKni Plexovodan quvib chiqarishni boshlagan.
Bild eksperti Yulian Repkening prognozlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida Sudja uchun janglar boshlanadi. Uning aytishicha, hozircha «ukrainlar u yerda qancha turib bera olishi, mudofaani qanchalik yaxshi tiklaganini» aytish qiyin, ammo vaziyat shundayki, rossiyaliklar «sekin-asta o‘z chegaralari tomon qayta harakatlanib, UQKni siqib chiqarmoqda».
11 oktyabr kuni Chechenistonning «Axmat» maxsus kuchlari qo‘mondoni Apti Alaudinov «Komsomolskaya pravda» gazetasiga bergan intervyusida Rossiya Federatsiyasi allaqachon Kursk oblastida 15 aholi punktidan ukrainalik harbiylarni siqib chiqarganini aytgandi.
Z-bloger Boris Rojinning yozishicha, Rossiya qo‘shinlari UQK kabi g‘ildirakli emas, balki gusenitsali texnikalardan foydalangani bois ustunlikka ega bo‘lmoqda. ISW tahlilchilarining ta’kidlashicha, yo‘llarning yo‘q qilinishi Kursk oblastida qarshi hujumni faollashtirish borasidagi Moskva qaroriga ta’sir ko‘rsatgan. Ukrainaning «Aydar» bataloni askari Stanislav Bunyatovning qayd etishicha, noqulay ob-havo uchuvchisiz uchish apparatlari va harbiy texnikalar ishiga xalqit bermoqda.
Mavzuga oid
20:22 / 24.12.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
15:57 / 19.12.2024
Putin Kursk oblasti qachon ozod etilishi haqidagi savolga javob qaytardi
00:23 / 18.12.2024
«Axmat» qo‘mondoni Apti Alaudinov Kurskdagi universitetning faxriy professoriga aylandi
21:47 / 17.12.2024