Jahon | 14:30 / 17.10.2024
1749
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina o‘z portlariga kuzatuv missiyasini yuborishni so‘rayapti

Ukraina Xalqaro dengiz tashkilotiga Rossiya armiyasi o‘qqa tutishni kuchaytirgani fonida Odessa oblasti portlariga kuzatuv missiyasini yuborish iltimosi bilan murojaat qildi.

Andrey Sibiga Foto: AFP

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Xalqaro dengiz tashkiloti (XDT)ga murojaat qilib, Rossiya armiyasi tomonidan o‘qqa tutilish kuchaygani fonida Odessa oblasti janubidagi portlarga kuzatuv missiyasini yuborishni so‘radi. Bu haqda u 16 oktyabr, payshanba kuni Odessada Nordic-Baltic Eight (NB8) guruhi yig‘ilishidan keyingi brifingda ma’lum qildi. Uning so‘zlaridan Reuters iqtibos keltirmoqda.

Sibiga Rossiyaning Ukraina portlari, don omborlari va fuqarolik kemalariga hujumlari global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solayotganini ta’kidladi.

Yevroittifoq Rossiyani don kemalariga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi

Yevropa Ittifoqi Rossiyani Qora dengizda don tashuvchi kemalarga hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. 10 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning matbuot kotibi Piter Stano: «Bu hujumlar xalqaro huquqning ochiqdan-ochiq buzilishini tashkil etadi», dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qora dengizda don tashuvchi kemalarga hujum qilib, Rossiya «Afrika va Osiyodagi yordamga muhtoj millionlab odamlarning oziq-ovqat ta’minotini xavf ostiga qo‘yadi», deb xabar beradi dpa agentligi. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya so‘nggi paytlarda Ukraina donini olib ketayotgan yuk kemalariga ataylab bir necha bor hujum qilgan.

Rossiyaning Ukraina janubidagi portlariga hujumi

10 oktyabr kuni Odessa oblasti harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleg Kiper Telegramʼda Rossiyaning Odessa oblasti portlaridagi infratuzilma va fuqarolik kemalariga so‘nggi uchta zarbasi natijasida sakkiz nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini ma’lum qildi. Kiperning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya ataylab tinch aholi va himoyasiz odamlarni nishonga olmoqda». Bu zarbalardan maqsad Ukraina o‘z donini eksport qilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir, deb yozgan edi u avvalroq.

Odessa OHM rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 9 oktyabr kuni Rossiya Odessa port infratuzilmasini ballistik raketalar bilan o‘qqa tutib, Panama bayrog‘i ostidagi konteyner tashuvchi Shui Spirit kemasini nishonga olgan. Ushbu hujum natijasida kamida olti kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi yaralandi.

7 oktyabr kuni Rossiya ballistik raketasi Palau bayrog‘i ko‘tarilgan fuqarolik kemasiga borib urildi. 60 yoshli ukrainalik, yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi xususiy kompaniya xodimi vafot etdi. Yana besh nafar xorij fuqarosi yaralangan, deb xabar berdi Kiper.

6 oktyabr kuni Odessa oblasti prokuraturasi Rossiya Qurolli kuchlarining Odessa va oblastga Shahed-136 uchuvchisiz uchish apparati va «Iskander-M» ballistik raketasi yordamida hujum qilgani, natijada yuk tashuvchi fuqarolik kemasiga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan edi. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, omborlardan birining qo‘riqchisi bo‘lgan 59 yoshli erkak tan jarohati olib, kasalxonaga yetkazilgan.

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Kulebaning hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi uch oy ichida Rossiya Ukraina janubidagi portlarga 60 ta hujum uyushtirgan. Shu bilan birga, 300 dan ortiq bino, 177 ta mashina va 22 ta kema zarar ko‘rgan. Kulebaning Telegramʼdagi bayonotiga ko‘ra, 79 nafar tinch aholi, jumladan port xodimlari va kema ekipaji a’zolari yaralangan.

Mavzuga oid