O‘zbekiston | 20:16 / 22.10.2024
12981
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir “Dok-1 Maks”dan nogiron bo‘lib qolgan bolalarga yordam berilayotganini aytdi. Jabrlanuvchi ota vazirning gapini yolg‘on dedi

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov jurnalistlar bilan suhbatda “Dok-1 Maks” voqeasi sabab nogiron bo‘lib qolgan bolalarga davlat tibbiy yordam berayotganini aytdi. Farzandi “Dok-1 Maks” sabab nogiron bo‘lib qolgan otalardan biri vazirlik xodimlari o‘g‘lidan xabar olmagani, vazir jamoatchilikka xato ma’lumot berganini aytdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

“Dok-1 Maks” siropi sababli nogiron bo‘lib qolgan bolalarga “davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam” berilmoqda, deya ma’lum qildi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov.

“Xabar olyapmiz, ularning asorati borlariga kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatyapmiz. Bu ish bo‘yicha hali surishtiruv va tergov jarayonlari davom etyapti. [...] yordam berilyapti, hammasining alohida ro‘yxati bor”, – degan vazirning jurnalistlar bilan suhbatdagi so‘zlarini keltirmoqda Gazeta.uz.

Ammo, farzandi “Dok-1 Maks”dan zaharlanib, 65 kun komada yotgan Feruz Nuritdinov Daryo.uz bilan suhbatda vazirning gapi to‘g‘ri emasligini aytgan.

“O‘sha vazir ham, uning xodimlari ham, hatto davlatning birorta shifoxonasi shifokorlari ham biror marta o‘g‘limning holidan xabar olmagan-ku. Qanday qilib ko‘mak berayotgan ekan? Hatto uyimning eshigi qaysi tomonga ochilishini bilmay turib, biz nogiron bo‘lib qolgan bolalarni davolayapmiz, ko‘mak beryapmiz deyishga uyalmadimi? O‘sha vazirdan so‘rang-chi, dorimas, birorta shprits berganmikan? Vazir bunday yolg‘on gapirib tursa, undan pastdagilardan nima kutaylik?” – degan ota.

Feruz Nuritdinovning aytishicha, SSV rahbarining bu gapidan so‘ng ko‘plab ota-onalar u bilan ko‘rishish niyatini bildirgan.

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u farzandini davolatish uchun ayni kunga qadar sotilgan uyi va yaqinlaridan olingan qarzlari evaziga to‘plangan katta miqdordagi mablag‘ini sarflab bo‘lgan. Shunga qaramay, uning farzandi gapirolmaydigan, yurolmaydigan nogironga aylangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil oxiri – 2023 yil boshida “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari sabab 68 nafar bola vafot etgan, kamida 18 nafar bola nogiron bo‘lib qolgan. Ochilgan jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudi 23 kishini aybdor deb topdi.

Hukmga asosan, Quramax rahbari Singh Ravendra Pratap (20 yilga qamaldi), Farmagentlik sobiq rahbari Sardor Kariyev (18 yilga qamaldi) va boshqalar – jami 7 nafar sudlanuvchidan vafot etgan 68 nafar marhum va 4 nafar sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi bolaning qonuniy vakillarining har biriga 1 mlrd so‘mdan, sog‘lig‘ining ahvoli qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 500 mln so‘mdan, sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 200 mln so‘mdan ma’naviy zarar solidar tartibda undirilishi belgilangan.

Mavzuga oid