Jahon | 11:56 / 02.11.2024
31267
7 daqiqa o‘qiladi

Aviatsiya tarixidagi g‘alati halokat: uchuvchi nega samolyotni tog‘ga olib borib urgandi?

2015 yilda kutilmagan aviahalokat sodir bo‘ladi. Bortida 150 kishi bo‘lgan A-320 samolyoti Fransiyadagi tog‘ga borib uriladi va barcha halok bo‘ladi. Tekshiruvlarda samolyotni ikkinchi uchuvchi tog‘ga olib borib urgani oydinlashadi.

Foto: Kun.uz

Fuqaro aviatsiya tarixida juda ko‘plab halokatlar yuz bergan. Ularning ayrimlari nosozlik, uchuvchilarning tajribasizligi, e’tiborsizligi tufayli sodir bo‘lgan.

Boshqalarida esa tabiiy ofatlar yoki boshqa omillar halokatga sabab bo‘lgan. Ayrim hollarda yo‘lovchi samolyotlar chegarani buzib o‘tdi bahonasi bilan «dushman» davlat tomonidan urib tushirilgan.

2015 yilda Yevropada Germaniya aviakompaniyasiga qarashli samolyot mutlaqo kutilmagan sabab bilan halokatga uchraydi. Ikkinchi uchuvchi A-320 samolyotini tog‘ga olib borib uradi.

Halokat

2015 yil 24 mart kuni soat 10:00 da Germaniyaning Germanwings aviakompaniyasiga qarashli A-320 samolyoti Barselona-Dyusseldorf qatnovini amalga oshirish uchun havoga ko‘tariladi.

Bu aviakompaniya Lufthansa’ning shu’ba korxonasi bo‘lib, asosan arzon parvozlarni amalga oshiradi.

Samolyotni ikki uchuvchi boshqarayotgan edi. Ekipaj komandiri Patrik Zondhaymer 14 yillik tajribaga ega, mahoratli uchuvchi edi.

Ikkinchi uchuvchi, 27 yoshli Andres Lubits ham yetti yillik tajribaga ega bo‘lgan va qariyb ming soat parvoz qilgandi. Ulardan tashqari, samolyotda 4 nafar bort kuzatuvchisi va 144 nafar yo‘lovchi bor edi.

Barselona va Dyusseldorf orasidagi parvoz vaqti qariyb ikki soat bo‘lib, samolyot 11:55 da manzilga yetishi kerak edi. A-320 parvozni boshlaganidan so‘ng 11 600 metr balandlikka ko‘tariladi va soatiga 800 km tezlikda ucha boshlaydi.

GermanWings aviakompaniyasining A-320 samolyoti

Soat 10:31 da samolyot Fransiyaning Tulon shahri yaqinidan uchib o‘tadi. Shundan so‘ng birdaniga A-320 ning tezligi pasayadi va samolyot pastlay boshlaydi.

Soat 10:41 da samolyot yer sathidan 2000 metr balandlikda uchayotganda radarlardan yo‘qoladi. Bu paytda u tog‘ga urilib, parchalanib ketgan va samolyotdagi barcha halok bo‘lgandi.

Qutqaruvchilar samolyot bo‘laklarini Fransiyaning Yuqori Provans departamenti hududidan, dengiz sathidan 1500 metr balandlikdan topadi.

Surishtiruvlar va halokat sababi

Halokat sabablarini aniqlash bo‘yicha surishtiruvlarni Fransiya va Germaniya fuqaro aviatsiya xavfsizligi byurosi olib boradi.

Halokat sodir bo‘lgan kunning o‘zida yetti nafar mutaxassis va samolyotni ishlab chiqargan Airbus kompaniyasi vakillari samolyot qulagan joyga yetib boradi.

Mutaxassislar hodisa yuz bergan joydan samolyotdagi «qora quti»ni topishadi. Uskuna shikastlangandi, biroq undagi yozuvlar saqlanib qolgandi.

Oradan ikki kun o‘tib, 26 mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida fransiyalik mutaxassislar halokat ongli ravishda ikkinchi uchuvchi tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qilishadi. Bu xabar hammani hayron qoldiradi.

Uskunadagi ovozlar eshitib ko‘rilganda hodisalar quyidagicha sodir bo‘lgani ma’lum bo‘ladi:

Ekipaj komandiri qisqa vaqtga uchuvchilar kabinasini tark etadi. U ortga qaytganda kabina eshigi ichkaridan yopib olingandi. Komandir va bort kuzatuvchilari harchand urinishmasin, eshikni ocha olishmaydi.

Avvalroq uchuvchilar kabinasiga terrorchilar kirib samolyotni garovga olish holatlari tez-tez yuz beravergani uchun aviasozlar xalqaro aviatsiya boshqarmasi talabi bilan eshik bo‘yicha xavfsizlik choralarini kuchaytirgandi.

Shu sababli uchuvchilar kabinasi eshigi ichkaridan yopib olinsa uni tashqaridan mutlaqo ochib bo‘lmasdi. Eshikni faqat ichkaridan ochish mumkin edi.

Ekipaj komandiri va bort kuzatuvchilari eshikni ochish uchun behuda urinayotgan paytda ikkinchi uchuvchi Andres Lubits samolyotni pastlatib, parvozni to‘g‘ri tog‘larga qarab yo‘naltiradi.

Samolyot Alp tog‘larining Fransiyaga tegishli qismida, Din-le-Ben va Barselonnet shaharlari oralig‘idagi tog‘ga borib uriladi.

Dastlabki surishtiruv natijalari e’lon qilingandan so‘ng Marsel politsiyasi halokatni «qasddan sodir etilgan» deb malakalaydi.

2016 yil 13 mart kuni hodisa yuzasidan so‘nggi hal qiluvchi hisobotlar e’lon qilinadi. Unga ko‘ra, ikkinchi uchuvchi Andres Lubits samolyotni qasddan halokatga uchratgan va u bu ishda aybdor.

Aniqlanishicha, Andres Lubits halokat sodir etishidan avval tushkunlikka tushgan holda yurgan va unda ruhiy muammolar bo‘lgan. Surishtiruvlar davomida u halokatdan to‘rt oy oldin, 2014 yil dekabr oyida bir nechta shifokorga ko‘ringani ma’lum bo‘ladi.

Biroq shifokorlarning birontasi aviakompaniyani uchuvchining ruhiyatida o‘zgarishlar borligi va u davolanishi kerakligi haqida ogohlantirmagan.

O‘shandan so‘ng shu halokat bo‘yicha ishlagan mutaxassislar xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga parvozdan avval uchuvchilarning sog‘ligini va ruhiy holatini tekshiruvdan o‘tkazish kerakligi bo‘yicha tavsiya beradi.

Halokatda eng ko‘p Germaniya fuqarolari – 66 yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi va Ispaniya fuqarolari – 51 kishi halok bo‘ladi.

O‘sha kuni samolyot bortida jami 19 davlat, shu jumladan uch nafar Qozog‘iston fuqarolari bor edi. Halok bo‘lganlar orasida Germaniyadagi gimnaziyalardan birining 16 nafar o‘quvchisi va ikki nafar o‘qituvchisi ham bo‘lgan.

Shuningdek, qurbonlar orasida taniqli nemis opera qo‘shiqchisi 33 yoshli Mariya Radner va yana bir taniqli opera qo‘shiqchisi Oleg Brijak ham bo‘lgan.

Halokatdan so‘ng...

Halokatdan so‘ng Airbus konserni aksiyalari 2 foizga, Germanwings aviakompaniyasi aksiyalari esa 2,5 foizga arzonlashadi.

Dunyoning aksariyat davlatlarida aviakompaniyalar tomonidan parvoz chog‘ida uchuvchilar kabinasida har doim kamida ikki kishi bo‘lishi qoidasi joriy etiladi.

Mabodo samolyotni ikki uchuvchi boshqarsa ulardan birining uchuvchilar kabinasini tark etishi taqiqlanadi.

Germanwings aviakompaniyasi halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat yuzasidan Barselona-Dyusseldorf-Barselona yo‘nalishlarining raqamlarini o‘zgartiradi.

Halokatdan so‘ng bir necha oy o‘tib, Germanwings aviakompaniyasi har bir o‘lgan odam uchun 25 ming yevro, yana qo‘shimchasiga qurbonlarning yaqin qarindoshlariga 10 ming yevrodan berilishini e’lon qiladi.

Halok bo‘lganlarning yaqinlari bunga rozi bo‘lishmaydi. Ular aviakompaniya tovon puli miqdorini 100 ming yevroga oshirishi kerakligini talab qilib chiqishadi.

Avvaliga aviakompaniya bu talablarga rozi bo‘lmaydi. Biroz vaqt o‘tib tovon puli miqdorini har bir o‘lgan odam uchun 50 ming yevroga ko‘taradi. Yaqin qarindoshlarga beriladigan 10 ming yevro to‘lov o‘zgarishsiz qoladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid