Sport | 18:31 / 14.11.2024
13311
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti rossiyalik bokschiga 150 ming dollarlik Rolls-Roys sovg‘a qildi

Dmitriy Bivol o‘zi tug‘ilgan Qirg‘iziston bayrog‘i ostida jang qilgach, mamlakat prezidenti uni qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirladi.

Foto: Instagram

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov rossiyalik bokschi Dmitriy Bivolga Rolls-Royce Silver Shadow antikvar avtomobilini sovg‘a qildi. Bu haqda bokschi ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi.

«Ajoyib sovg‘a», deb yozdi Bivol postda va Qirg‘iziston prezidenti nomi yozilgan teg qo‘shdi.

Alohida, «Storiz»da Dmitriy Bivol Bishkek shahrida prezidentning o‘g‘li Rustam Japarov unga mashina kalitini topshirganini ko‘rsatdi.

«Sadir Nurg‘ojoyevichdan chempion akaga chin yurakdan», dedi Rustam kalitni topshirarkan.

Carcheck ma’lumotlariga ko‘ra, sovg‘a qilingan mashina 1977 yilda ishlab chiqarilgan. U Qirg‘izistonda 2022 yil may oyida ro‘yxatga olingan, taxminiy narxi 150 ming dollarni tashkil qiladi.

Bivol Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tug‘ilgan va boksdagi ilk qadamlarini shu yerda qo‘ygan. Keyin u Rossiyaga ko‘chib o‘tdi va bu mamlakat vakili bo‘ldi. 2022 yil avgustida Dmitriy Bivol meksikalik Saul Alvaresga qarshi jang qilish uchun Qirg‘iziston bayrog‘i ostida ilk bor ringga chiqdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jang tashkilotchilari sanksiyalar sabab Rossiya bayrog‘ini ko‘tarishni istamagan va vaziyatga yechim topish maqsadida Qirg‘iziston bayrog‘idan foydalangan.

«Hech kimni xafa qilmoqchi emasman, lekin, to‘g‘risini aytsam, Qirg‘iziston bayrog‘i ostida musobaqalarda qatnashish xayolimga ham kelmagan. Men professional bokschi bo‘lganimda hech qachon bu bayroq ostida jang qilmaganman... Tashkilotchilar shunday qarorga keldi. Men ham mamnun bo‘ldim...», dedi Bivol jangdan keyin.

Keyingi janglarda Bivol yana Rossiya bayrog‘i ostida ishtirok qildi.

Mavzuga oid