Putin «Oreshnik» raketalari qurollanishga qabul qilinishi va seriyali ishlab chiqarilishini e’lon qildi
RF prezidenti yangi «Oreshnik» raketa tizimini Rossiya «hududiy yaxlitligi va suverenitetining ishonchli kafolati» deb atadi. Shuningdek, u «Oreshnik»ni yaratganlar davlat mukofotlariga taqdim etilishini va’da qildi.
Rossiya 21 noyabr kuni Ukrainaga uchirgan o‘rta masofaga mo‘ljallangan «Oreshnik» eksperimental ballistik raketasini seriyali ishlab chiqarish bo‘yicha allaqachon qaror qabul qilingan. Bu haqda Vladimir Putin Kremlda Mudofaa vazirligi rahbariyati va harbiy sanoat kompleksi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Strategik raketa kuchlari qo‘mondoni Sergey Karakayev «Oreshnik» raketasini qurollanishga olish taklifini bergan. «Shunday qilamiz», — deya javob qaytargan RF prezidenti. Karakayevning so‘zlariga ko‘ra, yangi raketa butun Yevropa hududidagi nishonlarni ishg‘ol etishi mumkin, uni ommaviy qo‘llashni esa yadroviy quroldan foydalanishga taqqoslasa bo‘ladi.
«Yangi tizim sinovini davom ettiramiz. Seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Ushbu tizimni seriyali ishlab chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilingan deb hisoblaymiz. Umuman olganda, u deyarli tashkillashtirib bo‘lingan. Mazkur qurolning o‘ziga xos kuchini inobatga olgan holda u aynan Strategik maqsadli raketa qo‘shinlari qurollanishiga yetkazib beriladi», — deydi Putin.
Prezident yangi «Oreshnik» raketa tizimini Rossiya «hududiy yaxlitligi va suverenitetining ishonchli kafolati» deb atadi. «Yaxshi bilamizki, bunday qurol hozircha dunyoda hech kimda yo‘q. Qo‘shimcha qilaman, bu kabi raketaga qarshi va uni tutib qoluvchi vositalar bugungi kunda dunyoda yo‘q, mavjud emas», — deya ta’kidladi Putin. U «Oreshnik» raketalar tizimini yaratganlar davlat mukofotlariga taqdim etilishini va’da qildi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada «Oreshnik» tizimidan tashqari yana bir nechta shu kabi tizimlarni yaratish ustida ish olib borilmoqda. «Sinovlar natijasi bo‘yicha, ushbu qurollar ham seriyali ishlab chiqarishga yuboriladi», — deydi Putin.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 noyabr kuni Ukrainaning G‘arbda ishlab chiqarilgan uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar bilan Rossiya hududiga berilgan zarbalariga javoban Rossiya nima qilgani haqida kutilmaganda batafsil ma’lumot berdi. Xususan, u Dniprodagi «Yujmash» korxonasiga «Oreshnik» eksperimental ballistik tizimi orqali uyushtirilgan hujum haqida gapirdi. RF prezidentining ma’lum qilishicha, Rossiya ushbu sinovni Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) 19 va 21 noyabr kunlari Bryansk hamda Kursk oblastlaridagi nishonlarga ATACMS hamda Storm Shadow raketalari yordamida uyushtirilgan hujumga javob tariqasida amalga oshirgan.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
07:50 / 24.12.2024
Anapa aholisi mazut to‘kilishi sababli Putinga murojaat bilan chiqdi
14:14 / 23.12.2024
Kremlda Putin va Slovakiya bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
10:43 / 23.12.2024