Jahon | 19:31 / 06.12.2024
1475
2 daqiqa o‘qiladi

Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi prezidentlik saylovlarining birinchi turi natijalarini bekor qildi

Ruminiya prezidentligi uchun 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarning birinchi turida rossiyaparast Kelin Jorjyesku g‘alaba qozongan edi. Saylovlarning ikkinchi turi 8 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak.

Foto: AP

Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi o‘ta o‘ng rossiyaparast siyosatchi Kelin Jorjyesku g‘olib bo‘lgan prezidentlik saylovlarining birinchi turi natijalarini bekor qildi. Bu haqda sud hujjatiga tayanib, Euronews xabar berdi.

Ruminiyada prezidentlik saylovlarining birinchi turi 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Jorjyesku 22,95 foiz ovoz to‘plagan. Ikkinchi o‘rinni va 8 dekabr kuni o‘tkaziladigan ikkinchi turda ishtirok etish huquqini «Ruminiyani qutqarish ittifoqi»dan nomzod Yelena Laskoni qo‘lga kiritgan. U — g‘arbparast siyosatchi va Ruminiyadagi siyosiy yo‘nalish o‘zgarishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

Shu bilan birga, OAV Jorjyeskuni rossiyaparast nomzod deb ta’riflaydi. U dekabr boshlarida hokimiyat tepasida kelgudek bo‘lsa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishi haqidagi rejalari bilan bo‘lishgan edi.

O‘z navbatida Yevrokomissiya Ruminiyadagi prezidentlik saylovlarining birinchi turida yevropaparast kuchlarning mag‘lub bo‘lgani fonida TikTok platformasiga qarshi rasmiy darajada bosim kampaniyasini boshlagan. Ta’kidlanishicha, RF TikTok orqali «Ruminiyadagi saylovlarga ta’sir ko‘rsatgan».

Avvalroq Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi Markaziy saylov komissiyasiga o‘ta o‘ng rossiyaparast siyosatchi Kelin Jorjyesku eng ko‘p ovoz olgan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi natijalarini qayta hisoblash majburiyatini yuklagandi. 3 dekabr kuni esa Konstitutsiyaviy sud prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi natijalarini haqiqiy deb topgan edi.

Mavzuga oid