O‘zbekiston | 20:54 / 17.12.2024
3414
6 daqiqa o‘qiladi

17 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Farg‘onada gazdan chiqqan ulkan alanga, Andijon va Toshkentda yirik avtofiribgarlarga qo‘yilayotgan ayblovlar va Parkentdagi hayvonot bog‘ida sherlar qurboni bo‘lgan qorovul — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Farg‘ona markazida gaz portladi

17 dekabr kuni Farg‘ona shahrining Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan benzin va gaz quyish shoxobchasida kuchli portlash sodir bo‘ldi.

Voqea guvohlari Kun.uzʼga taqdim etgan videolarda portlashdan keyin gaz tarqalishi ortidan ulkan alanga yuzaga kelgani, butun chorrahani olov qoplab olgani aks etgan. Vahimaga sabab bo‘lgan yong‘in FVV xodimlari tomonidan zudlik bilan o‘chirilgan.

Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi turli darajada tan jarohati olgan. Yana 8 kishi tibbiy ko‘rik va nazoratga olingan.

Yong‘inga suyultirilgan gaz to‘kish paytida texnologik jarayonlarning buzilishi va xavfsizlik qoidalariga rioya etilmagani sabab bo‘lgan. Hozirda hodisa yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini xotirjamlikka chaqirib, vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi.

Andijonda yirik avtofiribgarlik

Andijon viloyati Jalaquduq sudida fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ehtiyot qismlarga bo‘lib yo‘q qilish bilan shug‘ullangan 14 kishilik uyushgan guruh ustidan sud boshlandi.

Guruh 60 dan ortiq avtomobilni firibgarlik yo‘li bilan ijaraga olib, yo‘q qilib yuborgan. Hozirgacha faqat 15 ta mashina topilgan, ularning aksariyati nosoz holda, qismlari yechib olingan.

Jabrlanuvchilardan biri Nexia-3ʼni ijaraga berganini, ammo qaytarib ololmaganini ma’lum qildi: «Mashina bir qo‘ldan ikkinchi qo‘lga o‘tib yo‘qolgan, ammo sudda ular bir-birini tanimaymiz deyishmoqda».

Sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik), 171 (jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkni o‘tkazish) va 227-modda (avtomobil raqamlarini yashirish) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Sudda 57 nafar jabrlanuvchi ishtirok etmoqda.

«Avtolizingchilar» qamoqqa olindi

Toshkentda ham mashina olib beraman, deya fuqarolarni chuv tushirgan yigitlar hibsda. Kun.uz o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvdan so‘ng «Halal Auto Leasing kompany» rahbarlari firibgarlikda gumonlanib, qamoqqa olindi.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya fuqarolardan 1,7 milliard so‘m yig‘ib, uni plastik kartalar orqali naqdlashtirib olgan.

Tergovda ma’lum bo‘lishicha, jamiyat oktyabr oyida davlat ro‘yxatidan o‘tgan va jami 52 nafar fuqaro bilan mashina yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Lekin jamg‘arilgan mablag‘lardan birorta ham avtoulov sotib olinmagan, dilerlar bilan shartnoma ham tuzilmagan.

Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamiyat rahbari Yo‘ldoshev va uning sherigi Mamajonovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Jabrlangan fuqarolar IIV Tergov departamentiga murojaat qilishi mumkin.

Hayvonot bog‘ida sherlar qorovulni o‘ldirdi

Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Lion Park xususiy hayvonot bog‘ida uchta sher qafasdan chiqib ketib, qorovulga hujum qildi. Hodisa 17 dekabr, tonggi soat 05:00 da sodir bo‘lgan.

44 yoshli qorovul sherlarni katakka qaytarmoqchi bo‘lgan paytda hayvonlar uni og‘ir jarohatlagan va u vafot etgan.

Viloyat IIBB xabar berishicha, ikki sher uxlatuvchi dori vositasi bilan qafasga qaytarilgan, uchinchi sher esa mahalliy ovchi tomonidan otib o‘ldirilgan. Atrofdagi aholi va mehmonlarga xavf yo‘qligi tasdiqlangan.

Prokuratura mutaxassislar bilan birgalikda tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda. Yirtqich hayvonlar to‘liq sanoqdan o‘tkazilgan va qafaslar mustahkamlangan.

O‘zbekistonda kuchli sovuqlar yana qaytadi

21–22 dekabr kunlari O‘zbekistonga sovuq va nam havo oqimi kirib keladi. O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, bu kunlari mamlakatning ko‘plab hududlarida yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin.

Shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayadi. Havo harorati kechalari –7...–10 darajagacha, kunduz kunlari esa 0...–3 darajagacha pasayadi.

Yo‘llarda muzlash va yaxmalak holatlari kuzatilishi mumkin, haydovchilardan ehtiyotkorlik so‘ralmoqda.

Qatar bilan strategik sheriklikni kengaytirish istiqbollari

17 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Prezident Qatar rahbarini Davlatga asos solingan kun bilan qutlab, Qatar xalqiga tinchlik va ravnaq tiladi.

Muloqotda investitsiya loyihalarini rivojlantirish va strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Doha va Toshkentda o‘tgan biznes forumi hamda madaniyat haftaligi yuqori baholandi.

Qatar kompaniyalari energetika, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar sayyohlik rivojiga xizmat qilmoqda.

Davlat rahbarlari 2025 yilda «Markaziy Osiyo—Ko‘rfaz» hamkorlik kengashi sammitini o‘tkazish masalasiga ham e’tibor qaratdi.

Mavzuga oid